Rossiyaning AQShda 2016-yil prezident saylovlariga aralashgani haqidagi da’volarni tergov qilgan maxsus prokuror Robert Myuller taftish natijasini e’lon qilishi kutilmoqda. Kreml ayblovlarni inkor etmoqda, AQShda ichki siyosiy kurash qurboniga aylanganini aytmoqda. Rossiyaliklar Myuller tergovi haqida va mamlakatga qo’yilayotgan ayblov xususida nimalarni biladi?
Your browser doesn’t support HTML5
Moskva ko’chalarida odamlarga Myullerning surati ko’rsatilganida aksariyati uning kimligini bilmadi. Poytaxtliklar Rossiyaning Amerika sayloviga aralashgani haqidagi da’volarni esa safsata deb atadi.
“Bizga bundan nima foyda? Nima keragi bor?” – deydi ulardan biri.
“Rossiyaning Amerika xalqi fikriga ta’sir qilishga na xohishi va na imkoni bor”, - deydi boshqasi.
Mahalliy ekspertlar vatandoshlarining bunday javoblaridan ajablanmasligini aytadi.
“Odamlarning aksariyati hamma narsani inkor etish kerak, deydi. Axborot urushi ketyapti hozir va bu to’g’ri taktika”, - deydi “Levada” ijtimoiy markazidan Denis Volkov.
Sotsiolog Rossiyada omma fikrini 10 yildan beri o’rganib keladi. Uning aytishicha, so’rov boshida rossiyaliklar odatda Moskvaning xorijdagi salbiy xulqiga oid savollardan qochishga harakat qiladi.
“Biroq keyinchalik xususiy suhbatda Rossiya saylovga aralashgan bo’lishi mumkinligini tan olishadi, ammo buni yomon deb bilishmaydi. “Yaxshimi, yomon, bu mening mamlakatim” deyishadi ular”, - deydi Volkov.
Mutaxassis nazarida, bunday javoblar bilan odamlar o’zlari bilmagan holda davlat nazoratidagi telekanallarning bu jarayonlarga munosabatini takrorlamoqda.
“Putin Qrimdagi harbiylar Rossiyaniki ekanini tan olmaguncha fuqarolarimiz hukumat kabi buni inkor etib kelgan edi”, - deydi Volkov.
Ekspertlar fikricha, rossiyaliklarning global jarayonlarga hukumat pozitsiyasidan qarashiga yana bir sabab o’tmishdagi shuhratning boy berilishi ketidan vujudga kelgan ijtimoiy va tarixiy g’arazning mavjudligi. G’arb bilan davom etayotgan to’qnashuv esa yana bir sabab.