Navalniyni qo'llab-quvvatlab chiqqanlar siyosiy o'zgarishlarni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyada shanba kungi namoyishlarda 3000 dan ortiq odam hibsga olingan. Namoyishchilar Germaniyadan qaytishi bilan ushlangan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni ozod etishni talab qildi. Hukumat bu odamlarni ruxsatsiz namoyishda qatnashganlikda hamda pandemiya tufayli jamoatchilik sog’lig’iga tahdid solganlikda ayblamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 25-yanvar, 2021-yil

Navalniy avgust oxirida holsizlanib, muolaja uchun Germaniyaga olib ketilgan edi. Unga kimyoviy moddadan zaharlanish tashxisi qo’yilgan. G’arb Kremlni faolni zaharlaganlikda ayblamoqda, Rossiya hukumati bunday da’volarni inkor etadi.

Navalniy uchun ko’chaga chiqqan odamlar namoyish bahonasida siyosiy o’zgarishlar talabini ham olg’a surdi.

“Umrimda boshqa prezidentni ko’rmaganman. Yoshim 24 da. Charchadik”, - deydi Kseniya ismli moskvaliklardan biri.

Namoyishlar nafaqat poytaxtda, balki undan ancha yiroq Xabarovsk, Irkutsk va Vladivostokda ham bo’lib o’tdi. Harorat minus 50 daraja bo’lishiga qaramay, shimoldagi Yakutiyada ham ko’chaga chiqqanlar bo’ldi.

Kreml Navalniyni siyosiy tarafdan ahamiyatsiz, G’arb o’yinchog’i deb atasa-da, faolning korrupsiyaga qarshi taftishlari unga tarafdor orttirdi.

Navalniy qamoqdan shartli ravishda ozod etilish shartini buzgani uchun hozir Moskvadagi hibsxonada saqlanmoqda. Biroq ayrim kuzatuvchilar nazarida, u qamoqda uzoqroq qolishi ham mumkin. Tarafdorlari Kreml biror soxta ayblov o’ylab topishiga amin.

“Uni qanday qilib qo’lga olishgani qonunga ziddir. Konstitutsiyaga zid. Millionlab tarafdorlari bor odamga shunday muomala qilishsa, bizga ham shunday qilishadi”, - deydi Ilya ismli namoyishchilardan biri.

Namoyishda qatnashgan ayrim odamlar politsiyachilarga hujumda ayblanarkan, qamalishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi va qit’adagi ba’zi davlatlar rahbarlari va rasmiylari Kremldan Navalniyni ozod etishni talab qilarkan, Rossiya qo’shimcha sanksiyalarga yuz tutishi mumkin.

Prezident Vladimir Putin namoyishlarga shunday izoh berdi:

“Har bir odam qonun doirasida o’z fikrini bildirishga haqli. Qonundan tashqaridagi har bir harakat nafaqat samarasiz, balki xavfli hamdir. Tariximizda bunday holatlar ko’p bo’lib, jamiyatimiz va davlatimizga katta putur yetkazgan”, - dedi Putin.