Putin AQSh bilan aloqalarni yaxshilash niyatida

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, AQShning navbatdagi prezidentlik saylovida kim g'olib chiqishidan qat'i nazar, Vashington bilan aloqalarni yaxshilash tarafdori ekanini bildirdi.

Xalqaro jurnalistlar bilan o'tkazilgan yillik matbuot anjumanida u Amerika xalqi saylaydigan har qanday prezident bilan ishlashga tayyor ekanini aytdi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan shu hafta o'tkazgan muloqotimiz AQShning mavjud muammolarni birgalikda yechishga tayyor ekanini ko'rsatdi, dedi Putin.

Suriya yuzasidan izoh bergan Rossiya rahbari tinchlik o'rnatishga qaratilgan siyosiy jarayon boshlanmaguncha Suriyadagi Rossiya harbiy amaliyotlari davom etishini ta'kidladi.

Putin Anqara bilan munosabatlarning yomonlashgani haqida ham gapirib, hozirgi Turkiya rahbariyati bilan ijobiy muloqot o'rnatish imkoniyatini ko'rmayotganini aytdi.

U, shuningdek, Ukraina tuprog'ida Rossiya askarlari harakatlanayotgani haqidagi da'volarni yana bir bor inkor etdi. Ukrainada harbiy jabhada ayrim rossiyaliklar faoliyat yuritayotgan bo'lishi mumkin, ammo bu bizning tashabbusimiz bilan amalga oshirilgani yo'q, dedi Putin. Unga ko'ra, Rossiya Ukrainaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo'llash niyatida emas, ammo Kiyevga imtiyozli savdo bitimini ham taqdim etmaydi.