Sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga ziyon qilyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Filippin - Uşaq çaydan tullantıları toplayır

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Ukrainadagi mojaro Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Rossiya rahbarlari AQSh va Yevropa sanksiyalarining salbiy ta’sirini tan olishni istamasa-da, sarmoyadorlar yo’qotishlardan qo’rqib, pulini Rossiyadan chiqarmoqda. Iqtisodiyot sekin sur’atlarda o’sar ekan, ayrim tahlilchilar iqtisodiy sanksiyalar kuchaysa, bu mamlakat ekonomikasi turib qolishini bashorat qilmoqda.

Rossiya iqtisodiyoti hajmi bo’yicha dunyoda to’qqizinchi o’rinda turadi. O’tgan yili o’sish 1,3 foiz atrofida edi. Biroq bu yili rivojlanish kutilmayapti. Qimmatbaho qog’ozlar bozori 14 foizga tushib, rubl dollarga nisbatan 11 foizga qadrsizlandi, inflyatsiya mart oxirigacha yetti foizga chiqishi aytilmoqda.

Rossiya iqtisodiyotining zaiflashayotgani hamda sanksiyalarning joriy etilishi ketidan mamlakatlarning kredit olish reytingini belgilovchi agentliklardan biri Rossiya reytingini “barqaror”dan “salbiy”ga tushirdi.

"Salbiy sarmoya muhiti va sarmoyadorlarning xavotiri tufayli bu va kelasi yilgi iqtisodiy bashoratlarni kamaytirishga, reytingni tushirishga majbur bo’ldik, deydi “Standard & Poor” agentligi rahbari Jon Chambers.

Inqiroz boshlanganidan beri sarmoyadorlar Rossiya iqtisodiyotidan 70 milliard dollargacha pulni chiqarib oldi. Davlatga qarashli Rossiya Omonat banki raisi German Grefning ogohlantirishicha, agar ahvol shunday davom etsa, iqtisod turib qoladi.

"Ssenariy vaziyatning chuqurlashishiga qarab o’zgarib boraveradi. Agar iqtisoddan 100 milliard dollar chiqarilsa, o’sish nolga tushadi", - deydi Gref.

Biroq Rossiya ichki zaxiralariga tayanib, javob choralari ko’rishi mumkin. Masalan, Markaziy bank mamlakatdan chiqqan pulning o’rnini qoplay oladi. Rossiya Yevropaga uzatilayotgan gazni to’xtatishi ham mumkin. Qit’a ehtiyojining uchdan biri bu mamlakat gazi hisobiga qondiriladi.

Tahlilchi Mark Xemrikning ogohlantirishicha, agar inqiroz kuchaysa, Rossiya javob choralari ko’rishi mumkin.

"So’ng Yevropa Ittifoqi qattiqroq bosim qo’ysa, Yevropa yonilg’izisiz qolish ehtimoli bor," - deydi Xemrik.

Agar shunday bo’lsa, zararini nafaqat Rossiya yoki Yevropa, balki butun dunyo ko’rishi mumkin. Ammo hammadan yillik daromadining yarmidan ko’pini yonilg’i eksportidan olayotgan Rossiyaga qiyin bo'ladi.

Boston universiteti professori Igor Lyuksning aytishicha, sanksiyalar ta’sirini bilish uchun oddiy fuqarolar hayotidagi o’zgarishlarga e’tibor berish kerak.

"Agar mamlakatda yashash sharoiti yomonlashsa, Putinni qo’llab-quvvatlayotgan jamoatchilik shashtidan tushadi", - deydi siyosatshunos.

Ayrimlar nazarida hozir aynan shu holni kuzatish mumkin. Rossiyada oziq-ovqat va import mahsulotlar narxi oshgan. Moskvaliklar AQSh va Yevropa sanksiyalariga uchragan banklardan pul olishda qiynalaymoqda.