AQSh va Rossiya mahbus almashmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQShda o’tgan oy rus shpioni degan shubha bilan qamoqqa olingan 10 kishi Rossiyaga topshirilishi mumkin. Evaziga Kreml qamoqdagi yadroviy olim, g’arb josusi deb tamg’alangan Igor Sutyaginni Qo’shma Shtatlarga jo’natadi.

Bu taklifni AQSh olg’a surgan degan xabarlar bor. Biroq Qo’shma Shtatlar ham, Rossiya ham rasman biror bayonot bermagan. Sutyagin Rossiya shimolidagi turmadan poytaxt Moskvaga olib kelingan va tez kunda Britaniyaga jo’nashi kutilmoqda.

Olim shu paytgacha barcha ayblovni inkor etib kelgan. Biroq ozodlik evaziga oxir-oqibat taslim bo’ldi, deydi uning otasi Vyacheslav Sutyagin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“O’g’lim doim ochiq axborot bilan ishlab kelgan va hech kimga xiyonat qilmagan. Uni vatanparvar, xolis inson sifatida tarbiya qilganmiz. Aybni tan olishga majbur bo’ldi, bu uning uchun kuchli zarba. Yaxshi, halol nom yoki ozodlikdan birini tanlash kerak edi”, - deydi Vyzcheslav Sutyagin.

Igor Sutyagin yadroviy olim, Rossiya Fanlar Akademiyasi qoshida, AQSh va Kanada fanlari institutida ishlagan. 1999 yilda qamoqqa olinib, maxfiy axborotni Britaniya va Amerika razvedkasiga uzatganlikda ayblangan.

2004 yilda sud qarori bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Qo’shma Shtatlarda o’tgan oy Rossiya ayg’oqchisi degan shubha bilan ushlangan 10 kishi bugun sudda javob berishi kutilmoqda. Advokatlarning aytishicha, yechim bor -- hibsdagilar aybini tan olib, Rossiyaga deportatsiya qilinishi mumkin.

Bu insonlar uzoq yillar Qo’shma Shtatlarda yashab kelgan. Ular AQSh yadro dasturi va siyosatiga doir ma’lumotni rus razvedkasiga ulashib turganlikda ayblanmoqda. Guruhning yana bir a’zosi Kiprda qo’lga tushgan va garov puli evaziga qo’yib yuborilgach, ko’p o’tmay g’oyib bo’lgan.