Moskva shahar hokimiyati inson huquqlari faollariga Turkmaniston elchixonasi oldida namoyish qilishga ruxsat bermayapti. Bu guruh vatanda qamoqda o'tirgan jurnalistlarning ozod etilishini talab qilmoqda.
"Memorial" Inson huquqlari markaziga hokimiyatdan berilgan javobga ko'ra, namoyish katta ko'chani to'sib qo'yadi va elchixona atrofidagi faoliyatni buzadi.
Huquq faollari oldin ham bunday cheklovlar bilan yuzlashgan. "Memorial" nazarida Rossiya hukumati Turkmaniston rahbariyatining yonini olmoqda va o'z sarhadida unga qarshi chiqishlarga toqat qilmoqchi emas.
Turkmaniston dunyodagi eng yopiq jamiyatlardan biri. Siyosiy mahbuslar, xususan muxolifatchi va jurnalistlar, soni yuzasidan aniq ma'lumotlar topish qiyin. Siyosiy tanqidi va erkin fikri uchun panjara ortida o'tirganlar minglab odamni tashkil etsa ajab emas, deya bildiradi huquqbonlar.
Shunisi aniqki, mamlakatda hukumat chizgan chiziqdan chiqqan odam keskin jazo bilan yuzlashadi. Bu haqda tuzumning o'zi ogohlantirib turadi.
"Memorial" nomidan hokimiyatga murojaat qilgan faol o'zbekistonlik Bahrom Hamroyev bo'lib, u bir necha yillardan beri Rossiyada markaziy osiyolik mehnatkashlar huquqlari uchun kurashib keladi.
3-dekabr kuni Turkmanistonda 27 yoshli Xudoyberdi Allashov qamoqqa olingan. Unga "tamaki chaynaganlik" aybi qo'yilgan.
AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda Allashov ishlaydigan "Ozodlik" radiosi jurnalistni darhol ozod etishga chaqirmoqda.
Moskvada ruxsat berilmayotgan namoyishlar Allashov kabi insonlarning taqdiriga omma e'tiborini qaratish uchun mo'ljallangan. Elchixona oldida bo'lmasa, boshqa joyda ham aksiya o'tkazish uchun yo'l yo'q. Lekin bu bilan norozilik chiqishlari to'xtamaydi.