Rossiya-Ukraina munosabatlari nega taranglashmoqda?

  • Amerika Ovozi

Donbass bo'lginchilari

Ukraina qo’shni Rossiyani unga qarshi hujumni rejalayotganlikda ayblar ekan, Bayden ma’muriyati bu masalada Ukraina tarafida ekanini ko’rsatish va uni qo’llab-quvvatlash uchun shu hafta ikkita harbiy kemani Qora dengizga safarbar etdi.

Rossiya Qrimni 2014-yilda o’ziga qo’shib olganidan beri Ukraina bilan chegarada ilk bor katta sonda qo’shin, tank, raketa to’plamoqda. Mart o’rtalaridan beri Rossiya hududda kamida uchta harbiy mashg’ulot o’tkazdi.

O’tgan hafta AQSh Prezidenti Jo Bayden saylanganidan beri ilk bor Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyga qo’ng’iroq qildi. Oq uy bayonotida aytilishicha, “Rossiyaning Donbass va Qrimda davom etayotgan agressiyasi fonida Bayden AQSh Ukraina suvereniteti va hududiy daxlsizligini qat’iyat bilan qo’llab-quvvatlashini bildirdi”.

Jangovar kemalarning Qora dengizga yuborilishi ana shu bayonot tasdig’i sifatida ko’rilyapti.

Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida Ukraina armiyasi va Rossiyadan madad olayotgan mahalliy bo’lginchilar o’rtasidagi to’qnashuvlar yanvar oxirida kuchaya boshladi. Putin administratsiyasi rahbarining o’rinbosari, sobiq bosh vazir muovini Dmitriy Kozak Ukrainani mojaroda ayblarkan, keng ko’lamli urush Ukrainani tamom qilishini aytdi. Kiyev ham, Vashington ham bunday bayonotni tahdid deb ko’rdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov chegarada qo’shinlar soni oshirilganini inkor etmadi va Rossiya o’z chegaralari doirasida askarlarini surishga haqli ekanini ta’kidladi. O’tgan hafta front chizig’ida bo’lib, harbiylar bilan ko’rishgan Zelenskiy mojaroning keskinlashishi haqida ogohlantirdi.

Yil boshidan beri Donbassda ukrainalik 26 harbiy nobud bo’lgan, hammasi ham jang maydonida emas.

Zelenskiy 2019-yilda prezidentlikka saylanganidan beri G’arb rahbarlari ishtirokida yangi muzokara tashkillashtirishga harakat qilib keladi. Shundan so’ng Kreml va Kiyev asir ayirboshlashga kelishib oldi.

Ukraina prezidentining ayrim tanqidchilari nazarida, Zelenskiyning Donbassda tinchlikni o’rnatishga qaratilgan harakatlari Ukrainaning Donetsk va Lugansk oblastlarida Rossiyaning doimiy anklavi hosil bo’lishigia olib kelishi mumkin. Zelenskiy Ukrainaning Donbass bo’yicha suvereniteti masalasida bir qarorga kelgani yo’q va Rossiyaning bo’lginchilar ustidan nazorati yo’qligi haqidagi da’volarini jiddiy qabul qilmasligini bildiradi.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Zelenskiy Kremlning Ukrainadagi ittifoqchilari, xususan Putinning shaxsiy do’sti, siyosatchi, moliya magnati va telestansiya egasi Viktor Medvedchukni nishonga olib, Rossiya rahbari noroziligiga sabab bo’ldi. Medvedchuk va uning rafiqasi Rossiyadagi neft inshootidan Ukrainaning bo’lginchi hududlariga pul o‘tkazganlikda ayblanib, mamlakatdagi mol-mulki muzlatildi.

Jiddiy mojaro ehtimoli mavjudmi?

Tahlilchilar Kremlning chegarada qo’shinlar va harbiy texnika sonini oshirish sababi xususida turlicha fikr bildirmoqda. Kimdir Putin hujumga o’tishni buyurushi mumkin desa, kimdir u bu harakatlari bilan Zelenskiy va G’arbni sinayotganini aytadi.

“Ukraina sharqida 2014-yilda mojaro boshlanganida Kreml oz sonli askarlar va yollanma kuchlar, ko’ngillilarni bo’lginchilarga madad sifatida yuborib, ixtilofga aloqadorligini inkor etishga harakat qildi. Agar chegarada to’plangan rus qo’shinlari Ukrainaga safarbar etilsa, mojaro tamoman yangi pallaga kiradi va bu xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid bo’ladi”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazining Ukraina bo’yicha mutaxassisi Piter Dikinson.

G’arb diplomatlari va tahlilchilari Kreml rasmiylarining so’nggi paytlardagi keskin ohangi va uning nazoratidagi ommaviy axborot vositalarining mojaroni yoritish xususiyatidan xavotirda. Rus matbuoti Kiyev Donbassga hujum hozirlayotgani, mintaqadan rus aholisini haydab chiqarishni ko’zlayotgani haqida xabar bermoqda.

Peskovning aytishicha, agar Ukraina sharqida harbiy harakatlar kuchaysa, Rossiya Donbassdagi rus aholisini himoya qilish uchun chora ko’radi. Ukraina armiyasi qo’mondoni Ukraina hujumi haqidagi da’volarni inkor etib, Kremlni hujum boshlash uchun bahona izlayotganlikda aybladi.

“Barcha narsa Rossiya Ukrainaga harbiy hujum qilishga tayyorgarlik ko’rsayotganiga ishora qilmoqda”, deydi “Twitter”da “Rossiyaning klan kapitalizmi” kitobi muallifi Anders Aslund.

Unga ko’ra, Putin barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor, biroq rus qo’shinlarining harakatlanishi va Kreml targ’iboti harbiy tajovuz yaqinligidan dalolatdir.

Yana ba’zi tahlilchilarning aytishicha, Kreml sentabrda bo’ladigan parlament saylovlaridan oldin aholini ichki muammolardan va muxolifatning qamoqda o’tirgan Aleksey Navalniyni ozod etish chaqiriqlaridan chalg’itish maqsadida Ukraina bilan taranglikni kuchaytirmoqda.

Ayni paytda Putinning va hukmron “Birlashgan Rossiya” partiyasining so’rovlarda reytingi tushib bormoqda. Ba’zi ekspertlar nazarida, hukumat favqulodda va qisqa urush xalq orasida vatanparvarlik hissini uyg’otib, partiyaga foyda keltiradi deya o’ylamoqda.

Kiyev Milliy universiteti olimi Taras Kuzyo Kreml urushga jur’at eta olmaydi degan fikrda, chunki, deydi u, urush cho’zilib, Rossiyaning G’arb bilan aloqalari batamom barbod bo’lishiga olib keladi.

Kuzyo fikricha, Kreml qisqaroq va cheklangan to’qnashuv rejalayotgan bo’lishi, 2008-yilda Gruziya Prezidenti Mixail Saakashvilini o’z qopqoniga tushirib, provokatsiyaga uchratganiga o’xshash ssenariyni takrorlash ustida o’ylanayotgan bo’lishi mumkin.