Rossiya va Ukraina o’rtasida urush davom etarkan, AQSh Ukrainaga beriladigan pul qolmaganini bildirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Amerika qonunchilari Prezident Baydenning Ukrainaga 64 milliard dollarlik yordam uzatish iltimosini qayta muhokama qilishi kutilmoqda. Respublikachilar pul nazoratsiz ishlatilishidan va Amerika soliq to’lovchilariga ortiqcha yuk bo’lishidan xavotirda.
Oq uy qonunchilarga bosim qo’yishda davom etmoqda.
“Matbuotda Putin birdan muzokaraga tayyor ekani haqidagi xabarlarni ko’rdim, ammo bu odam muzokara haqida o’ylayotgan odam kabi ish tutayotgani yo’q. Aksincha u ukrainaliklarni tiz cho’ktirmoqchi. Shu sabab prezidentimiz taklif etgan yordam paketini tezroq qabul qilish muhimdir”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Harbiy tahlilchilar frontda turg’unlik vujudga kelganini aytadi.
“AQSh yordamisiz Ukrainaning harbiy salohiyati zaiflashadi va oxir-oqibat ruslar hujumlariga dosh berishga ojizlik qiladi. Hozir ham qayta hujum uchun o’q-dorilari yetarlicha emas. Yana 1-2 oydan keyin qarshi hujum ham imkonsiz bo’ladi. Nazarimda, bahor oxiriga borib ukrainaliklarga ruslarni qaytarish qiyinlashadi. Harbiy yordam uchun kurash mojaro kelajagi uchun muhimdir”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Mark Kansian.
Prezident Putin Rossiya bo’sh kelmasligini aytib keladi.
“Bo’shashmaymiz. Zarbalar berishda davom etamiz”, - dedi u.
Bu o’rtada Birlashgan Arab Amirliklari vositachiligida ikki taraf asir almashdi. Ukraina Rossiyaga 248 harbiyni, Rossiya esa 224 ukrainalik askar va olti noharbiy fuqaroni qaytargan. Urush boshidan beri tomonlar bir necha marta mahbus almashishdi.
Rossiyaning Ukrainaga kiberxurujlari
Ukrainada urush nafaqat jang maydonida, balki virtual kengliklarda ham olib borilmoqda.
Ukraina Xavfsizlik xizmatining kiberxavfsizlik departamenti rahbari Ilya Vityukning aytishicha, rossiyalik xakerlar Ukrainaning eng yirik telekommunikatsiya kompaniyasi “Kiyevstar” kompyuter tizimiga kirishga muvaffaq bo’lib, unga oylab zarar yetkazdi, minglab virtual serverlarni yo’q qildi.
12-dekabr kuni xakerlar kompaniya faoliyatini izdan chiqarib, uning 24 million mijozini bir necha kun davomida internet va uyali aloqasiz qoldirgan.
“Bu hujum hech kim xavfsiz emas degan juda katta signal bo’ldi – nafaqat Ukrainaga, balki butun G’arb dunyosiga. “Kiyevstar” juda katta kompaniya, boy kompaniya, kiberxavfsizlikka ko’p pul sarflashadi”, - deydi Vityuk.
Unga ko’ra, xakerlar tizimga o’tgan bahorda kirgani bilan uni noyabr oyida to’liq nazoratga olgan bo’lishi mumkin.
Kiberhujum ukrainaliklarni boshqa uyali operatorlar sim-kartalarini xarid qilishga majburladi.
Vityuk hujum ortida Rossiyaning “Sendvorm” yoki “Qum qurti” bo’limi turganini aytadi.
Unga ko’ra, xakerlar harakatlaridan Ukraina qurolli kuchlari faoliyatiga zarar yetgani yo’q, chunki harbiylar boshqa tizimdan foydalanadi.
Ayni paytda tergovchilar xuruj qanday amalga oshirilganini aniqlash bilan ovora.
“Ularga ichkaridan kimdir yordam bergani, xiyonat qilgani ehtimoldan biri. Ammo hozircha hech kimga bu ishda ayb qo’yilgani yo’q”, - deydi rasmiy.
Vityuk o’tgan yili Ukraina davlat idoralari va muhim infratuzilmasiga 4500 dan ortiq kiberhujumlar qaytarilganini aytadi.