Yevropa Ittifoqi Rossiyani Ukrainaga qarshi agressiyada ayblarkan, Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen Strasburgda Yevropa parlamenti deputatlariga murojaat qilib, Rossiyaga qarshi jazo choralari kuchaytirilishi mumkinligini aytdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Agar agressiya davom etsa, hozirgi sanksiyalarimiz kengaytiriladi. Bundan tashqari, oqibatlari Rossiya uchun jiddiy bo’lgan mislsiz qo’shimcha choralarni ko’rishga tayyormiz”, - dedi rasmiy.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqi AQSh bilan hamkorlikda Rossiyaning moliyaviy, energetika va mudofaa sanoatlariga doir qator cheklovlarni muhokama qilmoqda.
Rossiyaning ehtimoliy hujumidan xavotir bildirayotgan Ukraina sharqda bo’lginchi hududlar yonida harbiy mashqlar o’tkazdi. Seshanba kuni Oliy Rada yangi qonun qabul qilib, 2022-yilda Ukraina hududida o’tkaziladigan harbiy mashg’ulotlarda xorijiy qo’shinlarning ishtirokiga ruxsat berdi.
“Qarshi hujumimiz qattiq bo’lsa – biz bunga tayyormiz – bu rus armiyasi bilan birga Rossiyada siyosiy elitaning parchalanishiga olib keladi, ular tomonda qurbonlar ko’p bo’ladi va ular buni tushunib turibdi”, - deydi Ukraina armiyasining brigada generali Mixail Drapatiy.
Kremlning bildirishicha, Rossiya qo’shinlari o’z hududi doirasida istalgan yo’nalishda va istalgan muddat harakatlanishga haqli.
Hafta boshida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bilan telefon orqali gaplashib, NATOning Ukrainada faollashganini o’z mamlakatiga tahdid deb atadi va alyans sharq tomon ortiq kengaymasligiga kafolat so’radi.
Xitoy va Rossiya rahbarlari AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan videomuloqot qilishi ketidan bugun o’zaro gaplashgan. Vladimir Putin va Si Zinpin AQSh va NATO siyosatini muhokama qilgani, Si Zinpin Putinning G’arbdan xavfsizlik kafolatlarini olish harakatini qo’llab-quvvatlagani aytiladi.
Bir soat davom etgan muloqot chog’ida Putinga ko’ra, AQSh yoki NATO qurollarini Ukrainaga joylashtirishdan o’zini tiyishi kerak va buni o’tirib muhokama qilish zarur.
So’nggi bor Rossiya va Xitoy rahbarlari iyun oxirida video orqali gaplashgan. Jami Putin va Si Zinpin 2013-yildan beri 37 bor muloqot qilgani ma’lum.
Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, ikki rahbar AQSh, Britaniya va Avstraliya o’rtasidagi harbiy hamkorlikka salbiy munosabat bildirib, xalqaro muammolarni hal qilishda o’zaro maslahatlashmoqda.
Bu o’rtada Rossiya Tinch okeanida "Marshal Shaposhnikov" kemasidan suvosti kemasiga qarshi yangi raketalarini sinadi. “Otvet” deb nomlanuvchi raketa 800 metrgacha chuqurlikdagi suvosti kemalarini nishonga olish salohiyatiga ega.