Vladimir Putin: Rossiya NATOga tahdid solmaydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Katta Yettilik sammitida qatnashish uchun bugun Germaniyaga jo'nab ketadi. Bu guruh sakkizlik deya atalar edi, ammo Ukrainadagi voqealar sabab Rossiya o'tgan yili undan chiqarib yuborilgan.

G'arb Kremlni Ukraina sharqidagi separatist kuchlarni qo'llab-quvvatlayotganlikda aybladi.

Yettilik yig'inida kun tartibidagi asosiy mavzu savdo va iqtisod bo'lsa-da, Ukraina mojarosi, jumladan Qrim yarimoroli Rossiyaga qo'shib olingani ham muhokama etiladi.

Italiya matbuotiga bergan intervyusida Prezident Vladimir Putin Kiyevni sulhga amal qilishdan bosh tortayotganlikda ayblagan. Uning fikricha, yil boshida Minskda imzolangan bitimni to'liq joriy etish uchun Ukraina hukumati o'zini mustaqil davlatlar deya e'lon qilgan Donetsk va Lugansk rahbarlari bilan yaqindan ishlashi lozim. Rasmiy Kiyev esa bu fikrdan yiroq.

Putinga ko'ra, Ukraina sulhga amal qilishini ta'minlash ko'p jihatdan AQSh va Yevropa Ittifoqiga ham bog'liq. "Biz, o'z navbatida, separatist respublikalarni unga rioya qilishga chaqiramiz", - deydi u.

"Corriere della Sera" gazetasi bilan suhbatda Putin, shuningdek, Rossiya NATOga tahdid solmaydi va bu blok a'zolariga hujum qilmaydi, deya ta'kidladi.

"Dunyo shunchalik o'zgarib ketganki, bunday harbiy mojaroni hatto tasavvur qilish qiyin. Rossiyadan qo'rqishga hojat yo'q", - deydi u.

Prezident Putin fikricha, ayrim mamlakatlar Rossiyadan qo'rquv bahonasida harbiy, iqtisodiy va moliyaviy ko'mak olishni istaydi.

Ukraina sharqida janglar yana avj olgani haqida xabarlar bor. Oq uyning bildirishicha, Katta Yettilik majlisida Prezident Obama Yevropadan Moskvaga qarshi sanksiyalarni olib tashlamaslikni so'raydi. Ammo diplomatlar tan oladiki, iqtisodiy bosim hozircha Putinning Ukraina bo'yicha siyosatida o'zgarish yasagani yo'q.

Shu hafta Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Rossiyaning keng ko'lamli bosqini haqida ogohlantirdi. Uning aytishicha, hozirning o'zida rossiyalik to'qqiz ming askar Ukraina sharqida jang qilayapti.