Terrorizmda ayblangan ukrain rejissyori Rossiyada qamaldi

  • Amerika Ovozi

Kinorejissyor Oleg Sentsov

Rossiya harbiy sudi ukrainalik kinorejissyor Oleg Sentsovni Qrimda terror guruhiga bosh bo'lganlikda aybdor topib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Sud hukmida aytilishicha, Sentsov Ukrainadagi o'ng qanot millatchi "O'ng sektor" guruhi a'zolari bilan Qrimda mahalliy tashkilotlar va "Birlashgan Rossiya" partiyasi idorasiga hujum qilgan. U Lenin haykalini portlatishni rejalaganlikda ham ayblanmoqda.

Uning himoyachilariga ko'ra, jinoiy ish ortida siyosiy sabablar bor. Ukraina Qrimning Rossiyaga qo'shib olinganini qoralab keladi.

Kiyevda Rossiya elchixonasi qarshisida norozilik namoyishi o'tkazildi.

Sentsovning sheriklari ham qamalgan. Aleksandr Kolchenko terrorizmda aybdor topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Xalqaro Amnistiya tashkiloti jarayonni tanqid qilmoqda. Uning advokatlari Oliy sudga apellyatsiya bermoqchi.