Rossiya hujumiga 2 kun qoldimi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya harbiy kemasi

Oq uy Ukrainadagi diplomatlari sonini kamaytirish bilan birga bu mamlakat askarlari tayyorgarligi bilan shug’ullangan AQSh harbiy instruktorlariga ham Ukrainani tark etishni buyurdi. AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Rossiya 16-fevral kuni hujum boshlashi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 14-fevral, 2022-yil


Kreml bunday da’volarning asossiz ekaniga ishora qilarkan, AQShni urush nog’orasini chalayotganlikda ayblamoqda.

“Rossiya harbiy kuchlarining joylashuvi tez orada yirik harbiy harakat boshlash ehtimoliga ishora qilmoqda. Biz diplomatik yo’ldan borishda davom etamiz va Rossiya hujum qilsa, ittifoqchilarimiz bilan o’zaro kelishgan holda qat’iyat bilan javob berishga tayyormiz”, - dedi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.

Shanba kuni Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan. Oq uyning bildirishicha, Bayden urush Rossiyaga qimmatga tushishi haqida ogohlantirgan. Ikki rahbar suhbati taranglikni yumshatishga yordam bermagani aytiladi.

Amerikalik qonunchilar vaziyat yuzasidan xavotir bildirmoqda.

“Bayden Amerikaning so’nggi prezidenti emas. Agar Rossiya Ukrainani bosib olsa, AQSh-Rossiya munosabatlari o’nlab yilga zarar ko’radi va yaqin kelajakdagi har bir prezident Rossiya bilan munosabatlarda ushbu vaziyatdan kelib chiqqan holda siyosat yuritadi. Putin buni tushunadi degan umiddaman”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.

Bu o’rtada Rossiya Belarusdagi qo’shma harbiy mashg’ulotlarini davom ettirmoqda. Qora dengiz flotiga qarashli 30 dan ortiq kema dengizda mashq o’tkazishi aytilmoqda.

Ukrainaga hujumning Rossiya uchun jiddiy oqibatlari haqida “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar moliya vazirlari ham gapirdi. Germaniya Moiliya vaziri Kristian Lindnerning aytishicha, hamkor davlatlar chegaralarini birgalikda himoya qilib, Rossiyaga moliyaviy tarafdan qattiq sanksiyalar qo’yishadi.

Myunxenda har yili o’tkaziladigan xalqaro xavfsizlik anjumani tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, Rossiya hukumati bu gal 18-fevralda boshlanadigan tadbirga vakillarini yubormasligini bildirgan.

Mudofaa va xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi yetakchi mutaxassislar va rasmiylar fikr almashadigan forumning 2007-yilgi majlisida Putin NATOning sharq tomon kengayishi Rossiya xavfsizligiga tahdid ekanini ilk bor aytgan edi.

Kreml alyansdan Ukrainani kelajakda safiga qo’shmaslikni va Sharqiy Yevropadan qo’shinlari va qurollarini olib chiqishni talab qilmoqda. Ukraina alyans safiga kirgan taqdirda, deydi Putin, NATOning Rossiya bilan urush ehtimoli vujudga keladi.

Ukraina aholisining NATOga qo’shilish masalasida fikri bo’lingan.

"Rossiya bizni bosib olmasligi uchungina NATOga a’zo bo’lish fikridan voz kechish ahmoqlik. Ukraina konstitutsiyaga muvofiq qo’shilmagan davlat bo’lishiga qaramay, Rossiya bizga o’tmishda hujum qilgan”, - deydi Vladislav ismli 33 yashar kiyevlik.

Boshqalar nazarida, hukumat Rossiya bilan munosabatlarni hisobga olib, tashqi siyosatga tuzatish kiritishi kerak.

"Fikrim shuki, muammolarni hal qilish uchun Rossiya bilan hamkorlik qilishimiz kerak. Rad javobini bermasdan, vaziyatni qayta ko’rib chiqishimiz, tashqi siyosatimizga tuzatish kiritishimiz lozim”, - deydi Nina ismli yana bir poytaxtlik.

Alyans 2008-yilda Ukrainaga kelajakda uni o’z safiga qabul qilishni va’da qilgan edi. Rossiya NATOdan ushbu va’dadan voz kechishni talab qilmoqda. Putin nazarida, NATO Ukrainaga raketalarini joylashtirib, Rossiyaga qarshi qaratib qo’yishi mumkin va Moskva bunga yo’l qo’ymaydi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uning mamlakati NATOga kirish rejasidan voz kechmasligini bildirdi.