Ukraina BMT dan tinchlikparvar kuchlarni kiritishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov

Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov mamlakat siyosiy tizimi bo’yicha referendum o’tkazish fikriga qarshi emasligini bildirmoqda.

"Aminmanki, aholining aksariyati Ukrainaning yaxlit va mustaqil bo’lishini qo’llab-quvvatlaydi", - deydi u.

Turchinov referendumni prezident saylovlari bilan bir kunda, 25-may kuni o’tkazishni taklif qilmoqda. U sharqiy viloyatlar vakolatlarini kengaytirishga rozi ekanini aytdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, sharqdagi rus aholi yangi konstitutsiyani yaratish jarayonida ishtirok etishi lozim.

Donetsk, Xarkov, Lugansk kabi viloyatlarda mahalliy hokimiyatlarni ishg’ol qilgan faollar Ukrainadan ajralib, Rossiyaga qo’shilish haqida referendum o’tkazishni talab qilmoqda.

Hukumat ulardan davlat idoralarini bo’shatishni so’rab, aks holda aksilterror amaliyot o’tkazilishini aytgan.

Turchinov bugun BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan telefon orqali gaplashib, sharqiy viloyatlarga BMT tinchlikparvar kuchlarni kiritishni va aksilterror amaliyotda birgalikda ishtirok etishni taklif etgan.

"Sharqiy hududlarning Qrim kabi Rossiyaga qo’shib olinishiga yo’l qo’ymaymiz", - dedi Turchinov.

Unga ko’ra, davlat idoralarini ishg’ol qilgan qurolli to’dalar Rossiya ko’rsatmasiga ko’ra harakatlanmoqda.

Kecha BMT Xavfsizlik Kengashida Ukrainadagi vaziyat bo’yicha favqulodda majlis o’tkazildi. AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer Moskvani sharqdagi g’alayonlarni tashkillashtirishda ayblagan.

Britaniya elchisi Mark Grantning aytishicha, sun’iy yo’ldosh yordamida tushirilgan tasvirlarga ko’ra, Ukraina chegarasida 40 ming rus qo’shinlari to’plangan.

Rossiya elchisi Vitaliy Churkin AQSh va G’arbni Ukraina muvaqqat hukumatining homiylari deb atab, ularni Kiyevdan sharqiy viloyatlarda kuch ishlatishdan o’zini tiyishni so’rashga chaqirdi.

17-aprel kuni Jenevada AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Ukraina diplomatlari uchrashib, mavzu bo’yicha fikr almashadi. 22-aprel kuni esa AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Kiyevda bo’ladi.