Rossiya Ukraina sharqiga da'vo qilmayapmiz, demoqda. AQSh unga ishonmaydi

  • Amerika Ovozi

Rossiyaparast namoyishchilar, Lugansk, Ukraina, 14-aprel, 2014-yil

Qo’shma Shtatlarga ko’ra, Rossiya Ukraina sharqida Qrimdagi taktikasini qo’llamoqda. Obama ma’muriyatining bildirishicha, agar Rossiya Ukraina suverenitetini yana buzmoqchi bo’lsa, unga qarshi qattiqroq sanksiyalar joriy etiladi.

Ukraina sharqida xavfsizlik kuchlari va qurollangan guruhlar ilk bor o’q almashib, har tarafdan bittadan odam o’lgan. Mahalliy faollar Kiyevdan kengroq vakolatlar talab qilmoqda.

"Janubi-sharqiy viloyatlarda odamlar referendum o’tkazilishini istaydi. Bu demokratiyaning eng oliy shakli. Ukrainadagi har bir fuqaroning fikriga quloq solishlarini xohlaymiz", - deydi Tatyana ismli namoyishchilardan biri.

Pravoslav nasroniylar yakshanba kuni diniy bayramini nishonlar ekan, Kiyevda ular tinchlik uchun ibodat qildi.

"Juda ham xavotirdamiz. Ukrainaning bo’linishini istamaymiz. O’ylaymanki, odamlar barchamiz bir xalq ekanimizni tushunishadi. Sharq ham, g’arb ham yaxlit ukrain hududi bo’lishini xohlaymiz", - deydi kiyevlik Yelena.

Rossiya Ukrainaning sharqiy yerlarini o’ziga qo’shib olish rejasidan uzoq ekanini aytadi. Biroq Obama ma’muriyatiga ko’ra, mojaroning keskinlashishi ortida aynan Rossiya turibdi.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer Qrimdagi voqealar nishonasini ko’ryapmiz, deydi.

"Yuqori darajada va professional ravishda tayyorlangan reja bu. Mahalliy xalqning o’zidan chiqqan emas", - deydi diplomat.

AQShdagi ayrim qonunchilar Oq uyni va Yevropa davlatlarini Rossiyaning hududini kengaytirish harakatlariga qattiqroq javob berishga chaqirmoqda.

Respublikachi senator Den Kotsning aytishicha, Qrimdan so’ng Putinning ishtahasi kattaroq ochildi.

"AQSh va ittiqochilarining sust va zaif javobi Rossiya prezidentiga jazosiz qolishga va bosqinchi siyosatini davom ettirishga imkon bermoqda", - deydi qonunchi.

Elchi Pauer bo’sh kelayotganimiz yo’q, deydi.

"Rossiya qimmatbaho qog’ozlar bozorida aksiyalar 20 foizga arzonladi. Sarmoyadorlar mamlakatni tark etmoqda. Bu ilk sanksiyalarimiz natijasidir. Prezident Obama Rossiya o’zini qanday tutishiga qarab ularni kuchaytirishimiz mumkin, degan. Energetika, bank tizimi, konchilik sanoatiga qarshi jazo choralari ko’riladi", - deydi AQShning BMTdagi elchisi.

Rossiya Ukraina sharqiga da’vo qilmayotganini ta’kidlasa-da, uning so’nggi paytdagi harakatlari buning aksini ko’rsatmoqda, deydi diplomat.