Munosabatlar sovuqlashishi ortidan Rossiyadagi Amerika madaniyat dargohlari ham zug'umga uchramoqda. Madaniy almashinuv dasturlari bekor qilingan, madaniy markazlar yopilgan. AQSh Rossiya bilan til topishishga urinmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh elchixonasi Moskvada madaniyat markazini qayta ochdi.
Markaz 22 yil davomida Xorijiy tillar davlat kutubxonasi ichida faoliyat ko'rsatgan. Ammo aloqalar taranglashishi ortidan sentabr oyida yopilgan edi.
Davlat departamenti rasmiysi Keysi Kavalech bu haqda shunday deydi:
"Ayrim odamlar bizning u yerda bo'lishimizni yoqtirishmadi va shuning uchun kutubxonani biz bilan aloqani uzishga majburlashdi", - deydi u.
AQSh Davlat departamenti yordami bilan markaz elchixonaga ko'chib o'tdi. Kavalech ochilish marosimida qatnashdi.
"Oldindan bilmagan, kutubxonaga kelib, markazimizga qiziqqan odamlarni jalb qilish imkoniyatini boy berganimizdan afsusdamiz", - deydi Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha Davlat kotibi o'rinbosari Keysi Kavalech.
Markazning yangi binosi qurib bitkazilguncha, u elchixonaning bir necha qismlarida ishlab turadi.
Markaz direktori Kor Glison bu dargohning avvalgi joyi berkitilganidan qattiq taassufda ekanini, lekin hukumatlar o'rtasidagi ziddiyatlar odamlarni bu yerga kelishdan to'smasligi lozimligini ta'kidladi.
"Markaz odamlarni muloqot qilishga, o'zaro suhbatlashishga chorlaydi. U o'zaro fikr almashish maydonini yaratadi", - deydi u.
Glisonning aytishicha, markazda siyosat va iqtisodiyotga oid dasturlar ham yo'lga qo'yiladi. Ammo bunday tadbirlarda qatnashish uchun Rossiya fuqarolari xavfsizlik tekshiruvidan o'tishi lozim.