AQSh tahlilchilari: Kreml G'arbni zaiflashtirishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh tahlilchilari va Estoniya sobiq prezidentining Kongressda aytishicha, Rossiya rahbari Vladimir Putin AQSh va Yevropada demokratiyani izdan chiqarishga, ularning harbiy hamkorligini zaiflashtirishga, Rossiyaning dunyodagi ta’sirini oshirishga harakat qilmoqda.

AQSh Demokratik partiyasiga ko’ra, Putin noyabr saylovlari natijalariga ta’sir qilishga urindi.

"Bu harakatlarni mamlakatimizga qarshi hujum deb bilaman. Agar hozir qattiq javob bermasak, Putinning AQSh va ittifoqchilarimizga tahdidi kuchayadi", - deydi nyu-yorklik kongressmen Eliot Engel.

Saylov kampaniyasi paytida Prezident Donald Tramp Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga so’z bergan edi. Biroq uning partiyadoshlari bu fikrdan yiroq.

"Ruslar bizga do’stmas. Ular Qrimni bosib oldi”, - deydi senator Mitch Makkonel.

Yevropa siyosati tahlili markazidan Piter Doranning aytishicha, Kreml katta tashviqot ishlarini olib bormoqda.

"Rossiya ko’plab propaganda usullarini sinab chiqqan. Avval Markaziy Yevropada, hozir esa G’arbiy Yevropa mamlakatlarida bu usullar sinalyapti. Usullar yangi emas, biroq shuni aytishim kerakki, ular tez rivojlanyapti", - dedi Kongressdagi tinglovda tahlilchi.

Mutaxassislarga ko’ra, Rossiya soxta xabarlar tarqatish yo’li bilan siyosiy mojarolarni keltirib chiqarmoqda.

Estoniya sobiq Prezidenti Toomas Xendrik Ilvesning aytishicha, Rossiya Fransiya, Germaniya va Niderlandiyadagi saylov jarayonlariga aralashmoqda.

"Bundan xavotirga tushgan niderlandiyaliklar elektron ravishda emas, qog’oz byulletenlari orqali ovoz bermoqda”, - deydi u.

Xavotirga sabab bor, deydi Vashingtondagi Milliy mudofaa universitetidan Piter Yelsov.

"Rossiya Yevropa Ittifoqini bo’lib qo’ymoqchi, NATOni bo’lib qo’ymoqchi, Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishga qodir siyosatchilarga yordam beryapti", - deydi Yelsov.

Unga ko’ra, Rossiya Yevropadagi ayrim siyosatchilarni, xususan Fransiyada prezidentlikka da’vogar Marin Le Penni moliyalamoqda.

"U Putinning ashaddiy muxlisi. Qrimning Rossiyaga qo’shilganini tan oladi”, - deydi tahlilchi.

Yelsovning aytishicha, Rossiya Yevropa Ittifoqidagi ham o’ng qanot, ham so’l qanot siyosatchilarni qo’llab-quvvatlamoqda.

Tinglovda qatnashgan ekspertlar AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilarini Rossiya harakatlariga hamkorlikda qarshi turishga chaqirdi.