Rossiyada ikki muddat prezident bo'lib ishlagan Vladimir Putin bosh lavozimga qaytib keldi. AQShda esa Barak Obamaning qayta saylanishi haqida gapirishga hali erta. Bir davlatda prezident saylovlari tugab, ikkinchisida kampaniya avjida ekan, o'zaro munosabatlar qanday?
Ayrim ekspertlar fikricha, ikki davlat aloqalarida hozircha norasmiy tanaffus e'lon qilingan.
Kolumbiya universiteti mutaxassisi Robert Legvoldning aytishicha, AQShdagi siyosiy jarayonlar bilan bog'liq mavhumliklar bois aloqalarda aniqlik yo'q.
"Putinning prezidentlikka qaytishi, G'arb va matbuotdagi imiji yanada ko'proq noaniqlik kiritmoqda", - deydi Legvold.
Putin saylov kampaniyasida AQShga qarshi chaqiriqlar ko'p yangradi. Oldin ham bu taktika ish bergan. Biroq, deydi Legvold, bunday usulning salbiy oqibatlari ham bor.
"Bu holat Amerika siyosiy muhitiga ham yuqyapti. "Ruslar Amerikaga qarshi, Putin Amerikaga qarshi, konstruktiv muloqotdan uzoq" degan kayfiyat kuchaymoqda. Agar bu saylov uchun o'ylangan taktika bo'lsa, uzoqni o'ylab qilinmagan ish. Oqibati Rossiya uchun va, umuman, har ikki tomon uchun yaxshi bo'lmasligi mumkin", - deydi professor.
Prinston va Nyu-York universitetlarida dars beruvchi Stiven Koen nazarida AQSh saylov kampaniyasida ham Rossiyaga qarshi kayfiyatni ko'rsa bo'ladi.
"Mitt Romni Rossiyani Amerikaning birinchi raqamli geosiyosiy dushmani deb tursayu va bu haqiqatdan yiroq bayonot bo'lsa, unga izoh berging ham kelmaydi, kishi. Axir bu gaplarni Moskvada ham eshitishadiku. Jiddiy bayonot deb qabul qilishadi. Amerikaliklardan faqat baloni kutsa bo'ladi, ular bilan hamkor bo'lish mumkin emas, so'zlarining ustidan chiqishmaydi, murosani bilishmaydi, deb o'ylashadi", - deydi Koen.
Tahlilchilar nazarida ana shunday bayonotlar bilan AQShdagi konservativ kuchlar Rossiyadagi konservativ arboblar pozitsiyalarining kuchayishiga sabab bo'lmoqda.
Prezident Obama tashqi siyosatida Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashni ustuvor vazifa deb belgilagan. Dmitriy Medvedev prezidentligi davrida aloqalar yaxshilandi, qurollar nazoratiga doir muhim hujjat imzolandi, Afg'oniston va Eron bobida hamkorlik kuchaydi.
Putinning saylov kampaniyasidagi achchiq so'zlariga qaramay, deydi Robert Legvold, Obamaning Rossiyaga doir siyosatida jiddiy o'zgarish kuzatilmaydi.
"Medvedev paytidagi kelishuvlarga Putinning fotihasi olingan, degan tushuncha mavjudligi uchun ham siyosat o'zgarmasligi mumkin. Medvedev tashqi siyosatga doir qarorlarni yolg'iz qabul qilganiga ishonishmaydi. Strategik qurollarni qisqartirish bitimini olaylik yoki Rossiya orqali Afg'onistondagi AQSh kuchlariga yuk o'tkazish qarorini yoki Kremlning BMTda Eronga nisbatan siyosatining o'zgarishini - bu tashabbuslarning birortasi Putin roziligisiz bo'lmagan", - deydi olim.
Tahlilchilar bir narsada aminki, so'nggi yillarda AQSh-Rossiya aloqalari shu qadar rivojlanganki, Sovuq urush davriga endi qaytish yo'q.