Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilishini istaydi.
Xalqaro iqtisodiy aloqalarni tartibga soluvchi bu yirik tashkilot 1995-yilda tuzilgan. Unga a’zo bo’lish davlatlarga savdo sohasida katta imtiyoz va imkoniyatlar beradi.
Markaziy Osiyodan unga yolg’iz Qirg’iziston a’zo.
Jahon Savdo Tashkiloti hozirda 153 davlat orasida jamiki mahsulot va xizmatlar savdosini idora etadi. Global savdo aylanmasining 97 foizi ana shu mamlakatlarga to’g’ri keladi.
Ular orasida erishilgan kelishuvlar majmuasi juda keng – eksport-import, boj, soliq va tariflar, intellektual mulk himoyasi, subsidiyalar va hokazo.
Markazi Jenevada joylashgan tuzilma mazkur kelishuvlarning so’zsiz ijrosini ta’minlaydi. A’zo mamlakatlar o’rtasidagi kelishmovchilikni tinch va adolatli tarzda hal qilish uchun alohida mexanizmlar mavjud.
Hozirda 30 davlat Jahon Savdo Tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. A’zolikka harakat qilib kelayotgan ikki ko’zga ko’ringan davlat bu - Rossiya va Eron.
Iqtisodchi Anders Aslundning aytishicha, tashkilotga qo’shilish oson emas.
“Odatda muzokaralarga o’nlab yil vaqt ketadi, chunki nomzodlar mavjud qonun-qoidalarga xo’p deyishi, har bir a’zo davlat bilan alohida kelishib olishi kerak. Talablar juda qattiq. Ular sizning iqtisodiy siyosatingizni sinchiklab o’rganishadi. Savdo qonunlarini xalqaro standardlarga moslashtirish asosiy talab”, - deydi olim.
A’zolik uchun harakatni 1993-yilda boshlagan Rossiya hozirgacha 100 dan oshiq qonunlarga o’zgartirish kiritgan, mamlakat boj kodeksi yangidan ishlab chiqilgan.
“Rossiya arizasini topshirib bo’lgach, 2000 yilgacha deyarli hech narsa qilinmadi”, - deydi Anders Aslund. “Asosiy muzokaralar 2000-2003 yillar oralig’ida kechdi. Vladimir Putin boshqaruvining so’nggi yillarida esa G’arb bilan aloqalar taranglashib, hammasi yana o’z holiga tashlab qo’yildi”.
Prezident Dmitriy Medvedevning aytishicha, Rossiya Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish qarorida qat’iy. Biroq Robert Legvold kabi siyosatshunoslar nazarida bu harakat betartib, aniq rejasiz amalga oshirilmoqda.
“Mo’ljalga yaqin qolganda 2009-yilning yozida Bosh vazir Vladimir Putin kutilmaganda “biz savdo tashkilotiga Belarus va Qozog’iston bilan birgalikda, boj ittifoqi doirasida kirishga qaror qildik” deb qoldi. Natijada a’zolik yana 8-9 oy orqaga surildi”, - deydi Robert Legvold.
Tahlilchilar fikricha Rossiya Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lishga har qachongidan yaqin. Intellektual mulk himoyasini kuchaytirish va kontrabandaga qarshi kurashda dadilroq qadam tashlash - nomzodga qo’yilayotgan asosiy talablar.
Qishloq xo’jaligi sektoriga subsidiyalarni kamaytirish ham muhim shartlardan.
Subsidiya – hukumatlar iqtisodiy sektorga beradigan beg’araz yordam. Maqsad ichki mahsulotni qo’llab-quvvatlab, eksportni oshirish. Biroq bu chora proteksionizm, savdoga to’sqinlik qiluvchi omil sifatida ham ko’riladi. Bu esa xalqaro savdo, erkin raqobat qoidalariga zid.
Barak Obamaning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini istaydi. “Har ikki mamlakat manfaatlariga javob beradigan bu masalani tezroq hal qilish kerak”, - deydi u.
O’tgan oy Vashingtonda mehmon bo’lgan prezident Dmitriy Medvedev Jeneva va AQSh bilan muzokaralar shu yil sentyabrida yakun topishiga umid bildirgan.
Jahon Savdo Tashkilotiga a’zolik qator sohalar taraqqiyotiga turtki beradi. Neft va gazga tobe bo’lib qolgan Rossiya o’z iqtisodiyotini isloh qilmas ekan, jahon bozorida raqobatbardoshligi tushib boraveradi.