Rossiyaning 2006-yildan beri BMTda elchilik qilayotgan diplomati Vitaliy Churkin bugun Nyu-Yorkda vafot etgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, u yurak xurujiga uchragan.
Ertaga 65 yoshini qarshilayotgan Churkin, usta va cho'rtkesar muzokarachi, G'arb, xususan Qo'shma Shtatlar bilan aloqalarda yetakchi rol o'ynab kelayotgan edi.
Ona tilidan tashqari ingliz, fransuz va mongol tillarini bilar edi. Kanada, Belgiya, sobiq Yugoslaviya, NATOda elchilik qilgan. Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari lavozimida ham ishlagan.
1954-yilda Moskvada ziyoli oilasida dunyoga kelgan Churkin bolaligida Sovet kinolarida o'ynagan, jumladan tarixiy kartinalarda.
1974-yilda Moskva Davlat universitetini bitirib, SSSR Tashqi ishlar vazirligida professional faoliyatini boshlagan. Diplomatlikning birinchi o'n yilligini u AQSh bo'yicha lavozimlarda o'tkazgan, Moskvada va Vashingtonda.
Keyinchalik u Tashqi ishlar vazirligida turli idoralarni boshqargan, so'ngra vazir muovini vazifasida ishlagan.
1990-2000 yillarda u sobiq Yugoslaviya va NATO bo'yicha bosh diplomat, Kanada va Belgiyada elchi bo'lgan.
2006-yilda Nyu-Yorkka tayinlanishidan oldin esa uch yil mobaynida Yevropa va Arktika masalalari bilan shug'ullangan, bosh muzokarachi sifatida.
Churkin 10 yildan oshibdiki Rossiya va G'arb orasidagi kelishmovchiliklar va nizolar markazida edi: Gruziya bilan urushdan tortib, Ukrainadagi mojaro, Suriya, Afg'oniston, Eron, Shimoliy Koreya va boshqa ko'plab xalqaro masalalarda.
BMTda elchilik Kremlning pozitsiyasini BMT Xavfsizlik Kengashiga tushuntirish va dunyodagi eng qudratli davlatlar bilan doimiy munozara va muzokara talab qiladi.
Hamkasblar uni cho'rtkesar, lekin bag'oyat zehnli, tajribali va o'z vatani va xalqi uchun sidqidildan xizmat qilgan, zahmatkash diplomat deya tilga oladi.