Rossiya biznesi shifokorlarni qo’llab-quvvatlashga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

Rossiyada kompaniyalar shifokorlarni koronavirusga qarshi kurashda qo’llab-quvvatlamoqda. Kimdir ularni bepul taom va qahva bilan ta’minlamoqda, kimdir tekinga shifokorlarni avtoulovida tashimoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 31-mart, 2020-yil

Masalan, Moskvada sog’lom oziq-ovqat taklif etuvchi “Performance Group Holding” kompaniyasi Sankt-Peterburgdagi 40-kasalxona xizmatchilari uchun 200 dan ortiq nonushta tayyorlamoqda.

“Har kuni ratsionda turli xil mahsulotlar – kasha, tuxumdan tayyorlangan taom, issiq ovqatlar, yengil ovqatlar, shirinliklar”, - deydi shirkat rahbari Artur Zelyoniy.

Yana 250 ta taom har kuni epidemiya bilan olishayotgan Moskvadagi yetakchi tez tibbiy yordam markazi hisoblangan Sklifosovskiy ilmiy-tadqiqot institutiga yetkaziladi.

“Og’ir kunlarda ularga yordam berishni burchim deb hisoblayman. Dunyo hozirgi sharoitda birlashmasa bo’lmaydi. Tadbirkorlar va shifokorlar, umuman odamlar birga harakat qilishi kerak”, - deydi Zelyoniy.

Ushbu loyiha yosh onkologlarga o’quv grantlarini ajratishni maqsad qilgan “Dostup” mahalliy xayriya jamg’armasi tashabbusi bilan boshlangan. Jamg’arma 19-mart kuni tadbirkorlarga murojaat qilib, ularni shifokorlarga yordam berishga chaqirgan.

“Shifokorlar ishining naqadar muhim ekanini tushunamiz. Axir ular bizning xazinamiz. Hozirgi vaziyatda butun og’irlik ularning yelkasiga tushgan. Biz chetda qarab turishni istamadik. Birlashib, ularga minnatdorchiligimizni bildirishni istadik”, - deydi “Dostup” jamg’armasi asoschisi Anastasiya Enderlgardt.

Hozir Moskva va Sankt-Peterburgda 25 tadan ortiq kompaniya ushbu tashabbusga qo’shildi.

Tekin oziq-ovqatdan tashqari tibbiy xizmatchilar bepul transport, benzin, qahva qaynatgichlar, qahva, gigiyena predmetlari hamda respirator, himoya qo’lqoplari, xalat va maxsus ko’zoynak kabi shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanmoqda.

Karantin sabab taksi faoliyati sekinlashganiga qaramay, Sankt-Peterburgdagi “Citimobil” taksi kompaniyasi direktori tashabbusga ikkilanmay qo’shildi. Natijada 40-kasalxonaning 70 ta shifokori ishga mana shu kompaniya transportida bepul qatnamoqda.

“Kompaniyamizda bu borada ortiqcha savol bo’lgani ham yo’q. Kemaga tushganning joni bir. Agar birgalikda harakat qilsak, infeksiyaga qarshi kurashda hamkorlik qilsak, muammoni tezroq hal qila olamiz va hamma o’z ishiga qaytib, rivojlanishda davom etadi”, - deydi “Citimobil” rahbarlaridan biri Yevgeniy Lukyanchikov.

Jamg’arma loyihani yaqin orada Yekaterinburg va Krasnodarda ham o’tkazmoqchi.