Ayrim xabarlarga ko’ra, Rossiya G’arb sanksiyalari sabab Arktikada olayotgan suyultirilgan tabiiy gazga xaridor topa olmayapti. Natijada yoqilg’ini Arktika dengizidagi kontenyerlarda to’plashga majbur bo’lyapti.
Your browser doesn’t support HTML5
“Arktik SPG-2” loyihasi yanvar oyida to’liq ishga tushishi kerak edi. Unga egalik qiluvchi “Novatek” kompaniyasi yiliga salkam 20 million tonna suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishi kutilgan edi.
“Sibirda “Arktik SPG-2” zavodida uchta tankerga gaz ortilganidan xabardormiz, ammo ular hech qayoqqa ketmadi. So’ng ikkitasidan gazni Murmansk yaqinidagi suvda suzuvchi omborxonaga ko’chirishdi. Gazga xaridor topisha olmayapti. Shu sabab yukni dengizdagi konteynerda to’plashga majbur bo’lishyapti”, - deydi zavoddagi tankerlar harakatini sun’iy yo’ldosh orqali kuzatayotgan tahlilchi Tom Marsek-Manzer.
Unga ko’ra, agar gazga xaridor chiqmasa, konteyner tez to’lib qoladi.
Prezident Vladimir Putin bir yil oldin loyiha haqida e’lon qilgan edi.
“Rossiyaning Arktika zonasida suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni 2030-yilga qadar uch karra oshirib, yiliga 64 million tonnagacha yetkazmoqchimiz”, - degan edi Putin.
Biroq G’arb Qo’shma Shtatlar yetakchiligida “Arktik SPG-2” loyihasiga aloqador kompaniyalarni qora ro’yxatga qo’shganidan beri Putinning orzusi amalga oshmasligi mumkin. G’arb cheklovlari gazni tashuvchi transport kompaniyalariga ham taalluqli.
“Osiyo kemasozlik zavodlarida Arktika dengizida yurishga moslashgan ko’plab yuk kemalari turibdi. Ular muz toifasi kemalari deb ataladi. Sanksiyalar sabab “Novatek” ularni sotib ololmayapti”, - deydi Marsek-Manzer.
Rossiya sanksiyalarni aylanib o’tish yo’llarini izlamoqda. Tahlilchiga ko’ra, Kreml radar ilg’ashi qiyin bo’lgan kemalardan iborat “qorong’u flot” yaratmoqda.
“Mushuk-sichqon o’yini bu. Yaqin Sharqdagi noma’lum kompaniyalarga tegishli kemalarning Rossiya suvlariga kirayotganini ko’ryapmiz. Ba’zilarining suyultirilgan tabiiy gaz tashish uchun ishlatilishini fahmlasa bo’ladi”, - deydi Marsek-Manzer.
Shu bilan birga, savdo ma’lumotlari tahlilidan ma’lum bo’lishicha, Fransiya yilning birinchi yarmida Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importini ikki baravar oshirgan.
Yevropa Rossiyadan neft xarid qilishni cheklagan, biroq tabiiy gazga cheklov yo’q.
Qit’a hukumatlari gaz importiga cheklov yoqilg’i narxini keskin ko’tarishidan va sanoatga zarar yetkazishidan xavotirda.
“Assoshieytid Press” axborot agentligining xabar berishicha, Fransiyadan so’ng Rossiya gazini Ispaniya va Belgiya katta miqdorda xarid qilmoqda.