Ayrim kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida asoslangan va o’zini “rus monarxistik, pravoslav-vatanparvar, ultra konservativ tashkiloti” deb ta’riflovchi “Rus impercha harakati” (RIH) xorijdagi millatchi, neonatsist va oq tanlilarni ustun deb biluvchi guruhlar bilan aloqa o’rnatmoqda.
RIH ultra millatchi mafkura tarafdori bo’lib, Rossiyani chor tuzumiga qaytarishni maqsad qiladi. Guruh internetda yahudiylar va LGBT (lesbiyanlar, geylar, biseksuallar va transseksuallar) vakillariga qarshi da’vatlari bilan tanish.
Aprel oyida AQSh Davlat departamenti guruhning uch rahbari – Stanislav Vorobyov, Denis Gariyev va Nikolay Trushchalovni global terrorchilar ro’yxatiga qo’shdi. Qo’shma Shtatlar ilk bor xorijdagi shunday guruhni terrorchi tashkilot deb e’tirof etdi.
“Rus impercha harakati”ning ehtimol minglab a’zolari bo’lib, uning tayyorgarligidan o’tgan ikki shaxs Shvetsiyada terror xurujlarini amalga oshirgan”, - deydi Kaliforniyadagi Midlburi xalqaro izlanishlar institutining Terrorizm, ekstremizm va aksilterror markazi direktori Jeyson Blazakis.
Rasmiyning aytishicha, harakatning Sankt-Peterburgda qo’l jangi bo’yicha mashq lagerlari bo’lib, turli mamlakatlardagi oq tanli irqchilarni hamkorlikda mashq qilishga da’vat etib keladi.
“Guruhning terror faoliyatini amalga oshirish salohiyati va istagi uni jiddiy tahdidga aylantirmoqda”, - deydi Blazakis.
RIH 2002-yilda Vorobyov tomonidan Sankt-Peterburgda tashkil etilgan edi. Xabarlarga ko’ra, uning shahar tevaragida ikkita mashq lageri bo’lib, mashg’ulotlarni “Partizan” deb nomlanuvchi yarim harbiy guruh olib boradi. Neonatsistlar va oq tanli irqchilar mojaro zonalariga yuborilishdan oldin ushbu lagerlarda harbiy tajriba orttiradi.
Harakatning ikkinchi yarim harbiy bo’limi “Impercha legion” deb atalib, Ukraina sharqida rossiyaparast bo’lginchilar tarafida jang qilgani aniqlangan. Nyu-Yorkdagi “Sufan” tadqiqot markazi aprel oyida tayyorlagan hisobotda aytilishicha, legion jangchilarini Suriya, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasidagi mojaro zonalariga ham yuborgan.
“Guruh begunoh insonlar qonini to’kkan”, - deydi AQSh Davlat departamentida aksilterror koordinator Natan Seyls.
2016-yilda shvetsiyalik ikki odam RIH ning mashq lagerida 11 kunlik tayyorgalikdan so’ng Shvetsiyaning Gyoteborg shahrida terror xurujlariga qo’l urgan.
Viktor Melin va Anton Tulin qochqinlar markazlarini portlatib, bir odamni og’ir yaralagan. Sud jami uch kishini aybdor deb topgan. Ularning “Shimoliy qarshilik harakati” (ShQH) deb nomlanuvchi neonatsist guruhi a’zolari ekani ma’lum.
RIH ShQH bilan 2015-yil martida Sankt-Peterburgda o’tgan Xalqaro rus konservativ forumida aloqa o’rnatgan bo’lishi mumkinligi aytiladi.
“Anjumanda Rossiya va Yevropadagi konservativ elementlar harakatini muvofiqlashtirishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qilingan edi”, - deydi Shvetsiya mudofaa universitetining tadqiqot guruhi rahbari Magnus Ranstorp.
“RIH rahbarlaridan biri Stanislav Vorobyov keyinchalik ShQH uyushtirgan bir tadbirda qatnashib ma’ruza qilgan va ShQH ga pul xayriya qilgan”, - deydi Ranstorp.
Xabarlarga ko’ra, 2017-yilda RIH vakili Stanislav Shevchuk AQShning Vashington va Gettisburg (Pensilvaniya shtati) shaharlarida millatchilar namoyishlarida qatnashgan.
RIH ning AQShdagi guruhlar bilan aloqalarini o’rganuvchi jurnalist Keysi Michel buni amerikalik va rossiyalik oq tanli irqchilar o’rtasidagi ilk uchrashuv deb ataydi.
Michelga ko’ra, Shevchuk Vashingtonda ultra o’ng qanot hisoblangan "An’anachi ishchilar partiyasi" rahbari Mettyu Xaymbax bilan uchrashgan, ikkisi Chor Rossiyasi bayrog’ini ko’tarib Oq uy qarshisida suratga tushgan.
Davlat departamenti rasmiysi Seylsning aytishicha, AQSh rasmiylari bundan xabardor edi.
“AQShga kelib, o’zining buzuq maqsadlari uchun amerikaliklarni yollashga harakat qilgan har qanday guruh rahbarlari yoki a’zolari jiddiy xavotirga sababdir”, - deydi u.
Rossiya rasmiylari “Rus impercha harakati” rahbarlarining AQShda terrorchilar ro’yxatiga qo’shilganini qoralab, rusofobiyaning bir ko’rinishi deb ta’rifladi.
“Vashington o’z qarorini ishonchli va batafsil ma’lumot bilan asoslay olmagani uchun bizda bu ish asosan tashviqot uchun qilingan hamda xalqaro terrorga qarshi kurashdagi hamkorlikka aloqasi yo’q degan tasavvur paydo bo’ldi”, - degan edi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova aprel oyidagi matbuot brifingida.
Ba’zi ekspertlar fikricha, Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmati kabi maxsus xizmatlari RIH faoliyatidan xabardor, biroq qisqa muddatli manfaatlari uchun ularning ishlashiga qarshilik ko’rsatgani yo’q.
“Kreml “Rus impercha harakati”ning faoliyatidan boxabar va buni hech qachon yashirmagan”, - deydi Venadagi “Ozod Rossiya jamg’armasi” tahlilchisi Anton Shexovsov.
Unga ko’ra, harakatning yangi a’zolarni yollab, jangovar hududlarga yuborish tashabbuslari Kremlning “Ukrainaga qarshi bosqinida qo’l kelgan”.