Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi natijasida Amerikada yashovchi ruslar hujumga uchramoqda, kamsitilyapti. Amerikalik ruslarning ko’pi Moskva agressiyasiga qarshi ekan, tinchlikka da’vat etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya Ukrainada urush boshlaganidan beri Nyu-York shahrida minglab odam Ukrainani qo’llab-quvvatlab namoyish qildi.
Rossiyalik muhojir Sasha Nazintseva ham shuday namoyishlardan biriga qo’shildi.
“Ortimda turgan amerikaliklar ruslar haqida yomon gaplar aytishayotganini eshitib qoldim. Ular o’zini agressiv tutdi, bema’ni gaplarni menga aytishdi, Ikki ukrainning “Rossiyaga qaytib ketinglar” degani qulog’imga chalindi”, - deydi Sasha.
Bunday holatlar urush boshlanganidan beri Amerikada yangilik emas. Moskvaning Ukrainadagi harakatlariga nisbatan dunyo bo’ylab norozilikning bir qismi rus millatiga mansub odamlarga ham qarshi qaratilgan.
Vashingtonda Rossiya elchixonasi yonidagi “Rus uyi” restoraniga hujum bo’ldi.
Virjiniya shtatida yashovchi sobiq moskvalik Mixail Podolskiyning aytishicha, rus bizneslari ayni paytda xorijda katta zarar ko’rmoqda.
“Do’konlar rus arog’idan qutulishga harakat qilyapti. Ijtimoiy sahifalardagi rus guruhlarining nomi o’zgarmoqda, rus do’konlarining nomlaridan “rus” so’zi olib tashlanmoqda”, - deydi u.
Koloradolik Yuliya Lushnikova vaziyat yomonlashishidan xavotirda.
“Bunday bo’layotgani afsuslanarli hol. Odamlar hamma joyda bir xil. Kimdadir rus familiyasi bo’lgani uchungina uni dushman deb bilish to’g’ri emas”, - deydi u.
AQShdagi rus jamoasi Moskvaga bosim qo’yib, urushni tugatishga majburlamoqchi, deydi “Erkin Rossiya jamg’armasi” prezidenti Natalya Arno.
“Xorijdagi ruslar Rossiyadagi vatandoshlariga haqiqatni yetkazishi uchun yirik axborot kampaniyasini uyushtiryapmiz. Ularga bo’layotgan voqealar haqida suratlar va videolar jo’natyapmiz”, - deydi Arno.
Bunday yondashuv ish berayotgan ko’rinadi. Rossiyada odamlar urushga norozilik bildirib, hibsga olishlar va qamoq jazosiga qaramay namoyishga chiqmoqda.
San-Fransiskoda yashovchi moskvalik muhojir Piter Lidskiyning xavotir olishicha, Amerika va Yevropaning qattiq sanksiyalari Rossiyani o’zgartirishga qaratilgan harakatlarga pand berishi mumkin.
“Agar odamlar qashshoqlashsa, tirikchilik bilan ovora bo’lib qoladi va siyosiy tuzumni o’zgartirishga qaratilgan ishlar bilan shug’ullanishga vaqti bo’lmay qolishi mumkin”, - deydi u.
Marina Dyuning Rossiya va Ukrainada qarindoshlari bor. Shu kunlarda ruslar haqidagi salbiy tasavvurlar sababini tushunadi, ammo, deydi u, birlashib turib, har ikki tomon azob-uqubatiga sabab bo’layotgan ma’nosiz urushga chek qo’yish kerak.
“Odamlar adovatni kuchaytirmaydi, bir-biriga nisbatan nafratni qo’zg’atmaydi degan umiddaman. Birlashaylik, harakatlarimizni Ukraina va Rossiyadagi xalqlarni qo’llab-quvvatlashga qarataylik”, - deydi Los-Anjelesda yashovchi ayol.
“Amerika Ovozi” Rossiya urushini qo’llab-quvvatlayotgan amerikalik ruslar bilan gaplashishga harakat qildi, biroq ular suhbatdan bosh tortdi.