Bryusselda Shimoliy Atlantika harbiy blokining ikki kunlik maxsus yig’ilishi bo’lib o’tdi. NATOga a’zo mamlakatlardan tashqari yana bir necha davlat tashqi ishlar vazirlarini to’plagan tadbirda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga munosabat bildirilib, Ukrainaga urushda amaliy yordam haqida gap ketdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Donbassda yirik janglar bo’lishi haqida ogohlantirdi.
"Bizga hoziroq yordam bering. Bir necha haftada emas, bir necha kunda. Aks holda kech bo’ladi, ko’p odam o’ladi”, - dedi u.
Unga ko’ra, rus qo’shinlari sharqdagi Donbass mintaqasida yirik amaliyot o’tkazish uchun qayta guruhlanmoqda.
"Donbass uchun jang Ikkinchi jahon urushini eslatadi. Minglab tanklar, zirhli texnika, samolyotlar va artilleriya”, - dedi u.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Ukrainaga qo’shimcha qurol beriladi.
"Ularga eng kerakli va shu paytgacha berilmagan yangi tizimlarni uzatamiz. Ularning ehtiyojlariga diqqat bilan e’tibor beryapmiz”, - dedi Blinken.
Chexiya eski sovet tanklarini, Slovakiya S-300 havo mudofaasi tizimlarini, Avstraliya zirhli avtomobillar uzatmoqda.
Blinkenga ko’ra, rus qo’shinlari Buchada bo’lgani kabi boshqa shaharlarda ham tinch aholini o’qqa tutmoqda.
"Rossiya istilo qilgan va qilayotgan ko’plab hududlarda rus askarlari vahshiyliklar sodir etmoqda deb taxmin qilsak bo’ladi”, - dedi AQSh davlat kotibi.
Britaniyalik tahlilchi Malkolm Chalmersning aytishicha, G’arb Ukrainaga ko’proq va xilma-xil qurol uzatishga kirishmoqda.
"Biz teleekranlarda ko’rayotgan vahshiyliklar tufayli, ukrainaliklarning shimoldagi g’alabasi va sharqda yirik jangga hozirlanayotgani tufayli qurol uzatilmoqda. Ukrainaliklar maqsadlarining katta qismiga erishishiga ishonch paydo bo’lyapti. NATO rus armiyasining kuchsizlanishini xohlaydi”, - deydi londonlik ekspert.
Bu o’rtada bugun Donetsk viloyatining Kramatorsk shahridagi temir yo’l stansiyasiga raketa kelib tushishi oqibatida kamida 39 odam o’lgan. Ukraina va Rossiya bir-birini ushbu hujumda ayblamoqda. 87 odamning jarohat olgani ma’lum.
Finlyandiya qonunchilariga virtual murojaat qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, stansiyada ukrain qo’shinlari bo’lmagan, faqat oddiy odamlar.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa hujum “Tochka-U” rusumidagi raketa bilan amalga oshirilganini bildirib, Sovet paytida ishlab chiqarilgan raketaning eski ekanini, rus armiyasi va sharqdagi isyonchilar qurolli kuchlari tasarrufida bunday qurol yo’qligini ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyadan ko’mir import qilishni to’xtatishi kutilarkan, yoqilg’ining bu turini boshqa manbalardan olishga to’g’ri keladi.
Avstraliya va Indoneziya kabi ko’mir eksportchilari Yevropaga yordam berishi mumkin, biroq bu mamlakatlarda ishlab chiqarish maksimumga yetgan, Janubiy Afrika esa logistik muammolar bilan yuzlashmoqda. Agar ta’minot masalasi hal bo’lmasa, ko’mir narxi keskin ko’tarilib ketishi mumkin.
Yevropa Ittifoqining rus ko’miriga boykoti avgust o’rtalaridan kuchga kirishi kutilmoqda.
Janubiy Afrikaga qarashli “Exxaro Resources” ko’mir kompaniyasi bir necha Yevropa mamlakatidan buyurtma tushganini ma’lum qildi. Janubiy Afrika ko’miri sifatining Yevropa bozoriga to’g’ri kelishi aytilmoqda, biroq mahsulot ayni damda amaldagi buyurtmalar uchun ishlab chiqarilmoqda.
Kompaniya, shuningdek, mamlakatdagi temir yo’l tarmog’i sifatidan ham nolimoqda.
Osiyoda Yaponiya va Janubiy Koreya ham rus ko’miridan voz kechmoqda.
Yuz minglab ukrainalik urush sabab vatanni tark etishga majbur ekan, ba’zilari Meksika orqali AQShga kirishga umid qilyapti. Meksika hukumati yuzlab ukrainalik qochqin uchun chegaradagi Tixuana shahrida vaqtincha boshpana tashkil etgan.
O’tgan dam olish kunlari Tixuanaga 400 ga yaqin ukrainalik kelgan. Uchdan biri bolalar. Ular lagerdagi vatandoshlariga qo’shildi.
AQSh chegara xizmati qochqinlar arizalarini ko’rib chiqqunga qadar ular lagerda yashab turadi. Ayni damda Tixuanada 1700 ukrainalikning borligi aytilmoqda.
"AQSh hujjatlarni ko’rishni tezlashtirish uchun chegaradagi xizmatchilari sonini oshiradi degan umiddamiz”, - deydi meksikalik rasmiylardan biri.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerika 100 minggacha ukrainalikni qabul qilishga tayyor deb aytgan.