Rossiya qo’shinlari Mariupol shahridagi “Azovstal” po’lat zavodida jon saqlayotgan ukrainalik askarlarga qarshi hujumlarini davom ettirmoqda. Ayrim xabarlarga ko’ra, ichkarida 200 ga yaqin tinch fuqaro ham bor, oziq-ovqat, suv zaxiralari tugab bormoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiyalik rasmiylarga ko’ra, zavod bunkerlarida qamalda o’tirgan “Azov” millatchi polki jangchilari fuqarolarni oziq-ovqat evaziga chiqarishni taklif etgan.
11 kvadrat kilometr maydonda joylashgan ushbu korxona Yevropada eng yirik po’lat kombinatlaridan hisoblanadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina sharqidagi Kramatorsk shahrida yirik qurol ombori yo’q qilinganini, Luganskda ikkita harbiy samolyot urib tushirilganini ma’lum qildi.
Ukraina hukumati Rossiyani harbiy jinoyatlarda ayblarkan, Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba maxsus adolat sudini tashkil etib, Rossiya agressiyasi hamda xalqaro qonunga xilof boshqa ishlarini shu sudda ko’rishga chaqirmoqda.
Unga ko’ra, bosqin bilan bog’liq jinoyat uchun sud qilish adliya tizimida yo’q va maxsus sud ana shu bo’shliqni to’ldirishga xizmat qiladi.
Kuleba bu haqda Litvada o’tgan urush jinoyatlariga doir anjuman ishtirokchilariga video murojaatida so’zlagan.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti rus askarlarining Ukrainada sodir etgan jinoyatlariga doir ko’plab dalillar mavjudligi haqida bayonot berdi.
Tashkilotning Kiyevdagi matbuot anjumanida so’zlagan rahbari Anyes Kallamarning aytishicha, rossiyalik harbiylar tinch aholini sudsiz qatl etgan, qiynoqqa solgan.
“Xalqaro Amnistiya” rus askarlarining 22 ta noqonuniy o’ldirish holatiga aloqadorligiga doir dalilga ega ekanini ta’kidlab, Rossiya kuchlarini mart boshida Borodyanka shahrida sakkizta turar joyni o’qqa tutib, kamida 40 odamni o’ldirganlikda, Kiyev yaqinidagi Bucha shahrida qotilliklarga aloqadorlikda ayblayapti.
Rossiya urush jinoyatlariga doir ayblovlarni inkor etarkan, Bucha aholisi qirg’ini ortida Ukraina maxsus kuchlari turganini, jasadlarga to’la ko’chalar manzarasi esa sahnalashtirilganini da’vo qiladi.
Rossiya AQSh va G’arb davlatlarini Ukrainani qurol bilan ta’minlab, tinchlikdan manfaatdor emasligiga ishora qilarkan, shu paytgacha Kiyevga og’ir qurol berishdan bosh tortib kelgan Germaniya Ukrainaga "Panzerhaubitze 2000" rusumidagi 155-mm kalibrli yettita gaubitsa zambaragini uzatishini bildirdi. Germaniya Mudofaa vazirasi Kristin Lambrext bugun Slovakiyada bo’lib, shu haqda ma’lum qildi.
Bungacha Qo’shma Shtatlar ham Ukrainaga gaubitsalar yetkazgan, Germaniyada o’nlab ukrainalik askarlarni to’plardan otishga o’rgatgan.
G’arb Rossiyani Ukrainada yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida ayblayotgan bir paytda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Aleksey Zaysev bunday da’volarning yolg’on ekanini aytib, “maxsus harbiy amaliyot”da yadro qurolini qo’llash ko’zda tutilmaganini bildirdi.
"Rossiya “yadro urushida g’olib bo’lishi mumkin emas” degan tamoyilga qattiq amal qiladi”, - dedi rasmiy.
Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazi eksperti Katarina Volchukning aytishicha, Kreml eng boshida urushni tez tugatishni rejalagan, 9-maygacha cho’ziladi deb o’ylamagan. Tahlilchi nazarida, Kreml yadro qurolining qo’llanilishi dunyo xavfsizligi uchun xavfli ekanini yaxshi tushunadi.
"Rus matbuotida G’arbga qarshi baqir-chaqirga qaramay, Rossiya aholisi ham, Kremldagilarning ko’pi ham yadro qurolini ishga solish haddan ortiq chora ekanini yaxshi anglamoqda degan fikrdaman. Hozircha bu quruq gap, bunday bo’ladi deb o’ylamayman. Hozircha shunday”, - deydi mutaxassis.
Bu o’rtada AQSh prezidentining rafiqasi Jill Bayden Yevropaga yo’l olib, bugun avval Ruminiyaga borgan, so’ng Slovakiyaga o’tishi kutilmoqda. Yevropadagi amerikalik askarlar bilan uchrashgan Amerikaning birinchi xonimi ukrainalik qochqinlar, gumanitar xizmatchilar va o’qituvchilar bilan ko’rishadi.