Rossiyada har kuni 10 mingdan oshiq odam koronavirusga chalinar ekan, Ikkinchi jahon urushi paytida Leningrad qamalida omon qolgan bir ayol Sankt-Peterburg shahrida karantin paytida qiynalib qolgan odamlarga yordam bermoqda.
80 yoshli bu ayol har kuni mikroavtobusida qariyalar va bolali muhtoj oilalarga oziq-ovqat tashiydi.
Galina Yakovleva so’nggi 10 yildan beri xayriya bilan shug’ullanadi. U mahsulotlarni muhtojlar uyinining eshigi yoniga qo’yib ketadi.
“Mikroavtobusni yolg’iz o’zim haydayman. Bugun sosiskalar tashiyapman. Odamlar mendan qo’rqmaydi, chunki bevosita aloqa qilmaymiz”, - deydi u.
900 kunlik qamal paytida 800 ming leningradlik ochlikdan va natsistlar bombardimonlaridan o’lgan. O’shanda yosh bola bo’lsa-da, non ushog’ining qadriga yetishni o’rgangan Yakovleva haqiqiy qiyinchiliklarni boshdan kechirganini aytib, hozirgi zamondagi isrofgarchiliklarni tanqid qiladi.
“Urush vaqtida boshimizdan nimalar o’tganini hozirgi yoshlar tushunmaydi. Elektr quvvati va gazsiz, sovutgichlar va mikroto’lqinli pechlarsiz yashaganmiz. Biror narsa isrof bo’lmasdi”, - deydi u.
Galina Yakovleva ko’p joylarda ishlagan – traktor ham haydagan, tez yordam mashinasi, trolleybus ham. U 10 yil oldin “Muruvvat” tashkilotini tuzib, ijtimoiy nochor odamlarga yordam berib keladi.
“Galina Ivanovna bo’lmaganida bir oy uydan chiqmasdan yashash qiyin bo’lardi. Menga sut, non olib keladi, ochlikdan o’lib qolmayman endi”, - deydi nafaqaxo’r Lyubov Travkina.
Galina Yakovleva shahardagi oziq-ovqat do’konlari, novvoyxonalar, fermalar va hatto teatrlar bilan aloqa o’rnatib, 500 dan ortiq odamga yordam berib keladi.
“Hamisha boshqalarga yordam berishga harakat qilishimiz kerak. Oz bo’lsa ham. Hadeb divanda yotavermasdan”, - deydi u.