Navalniy - Saxarov sovriniga da'vogar; Kolesnikova - Yevropa Kengashi mukofoti sohibasi

  • Amerika Ovozi

Rossiya qamog’ida o’tirgan muxolifatchi Aleksey Navalniy Yevropa Parlamentining Saxarov nomidagi mukofotiga sazovor bo’lishga nomzodlardan bo’ldi. 1988-yilda ta’sis etilgan sovrin inson huquqlari himoyasi yo’lida jonbozlik ko’rsatgan shaxs va tashkilotlarga topshiriladi. Yevrodeputatlar afg’onistonlik ayol huquq himoyachilarini ham guruh sifatida da’vogarlar ro’yxatiga qo’shgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 27-sentabr, 2021-yil

Saxarov mukofotiga da’vo qilish uchun kamida 40 nafar deputat nomzodga kelishishi kerak. 14-oktabr kuni da’vogarlar ro’yxati uch kishigacha qisqartiriladi. 21-oktabrda esa g’olibning ismi e’lon qilinib, sovrin unga 15-dekabrda topshiriladi.

Yevropa Parlamentidagi Yevropa Xalq partiyasi va bir guruh liberallar Navalniy nomzodini olg’a surgan, Yashillar hamda markaz-so’lchi Sotsialistlar va demokratlar esa afg’on ayollarini ushbu nufuzli mukofotga loyiq deb ko’rgan. O’tgan yili sovrinni Belarus muxolifatining yetakchisi Svetlana Tixanovskaya qo’lga kiritgan.

Uning safdoshi, yaqinda 11 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan Mariya Kolesnikova esa Yevropa Kengashining inson huquqlari faollariga beriluvchi mukofotiga sazovor bo’ldi.

Kolesnikova Tixanovskaya kabi Aleksandr Lukashenko tuzumiga qarshi kurashgan. Tixanovskaya o’tgan yilgi avgust saylovlaridan so’ng mamlakatni tark etgan bo’lsa, Kolesnikova Belarusda qolib, hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan.

Sud uni hokimiyatni qo’lga olishga urinish, ekstremistik tashkilot tuzish va davlat xavfsizligiga putur yetkazuvchi harakatlarda ayblab, 11 yilga qamadi.

Yevropa Kengashi sovrini Chexiya sobiq prezidenti Vaslav Gavel nomi bilan yuritiladi.