San-Fransiskoda Janubiy Koreyaga qarashli samolyot quladi, o'lganlar bor

  • Amerika Ovozi
Janubiy Koreyaga qarashli, 300 yo’lovchini olib ketayotgan samolyot San-Fransisko uzra halokatga uchrab, ikki kishi nobud bo’lgan. 180 dan ziyod fuqaro jarohatlangan.

Xitoydan ko’kka ko’tarilgan samolyot Janubiy Koreyada to’xtab, keyin AQShga yo’l olayotgan bo’lgan.

Asiana havo yo’llariga tegishli avialayner yo’lovchilari asosan xitoy, koreys va amerikaliklar. O’lganlar – xitoylik o’smir qizlar ekani aytiladi.

Guvohlarning aytishicha, avvaliga samolyot pastlayotib, orqasi uchish-qo’nish yo’lagiga urilgan. Orqa qismi ikkiga ajralib, alanga olgan va samolyot bir- necha bor yerga qattiq urilgan.

Voqea sabablari o’rganilayapti – halokat paytida dispetcherlar biror ogohlantirish olmagan.

Ammo yo’lovchilar samolyot yerga juda tez yaqinlashgani, uchuvchi qo’nishdan oldin ko’kka yana bir bor ko’tarilishga harakat qilganini aytadi.

Asiana Janubiy Koreyaning eng yirik havo yo’llaridan. Tergovchilarning aytishicha, halokatda terror alomatlari yo’q.