"Sendi" to'foni jabrdiydalari uchun xayriya tadbiri

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Madaniy diplomatiya/Sandy Fundraising in Washington

AQShning sharqiy sohillarini qaqshatgan “Sendi” to’foni mamlakat iqtisodiyotiga 71 milliard dollarlik ziyon keltirdi. Tabiiy ofatdan Nyu-York shtati eng ko’p zarar ko’rdi – 42 milliard dollar.

Mamlakatda tabiiy ofat qurbonlariga yordam berish uchun turli xayriya tadbirlari o’tkazilmoqda. Vashingtonda joylashgan diplomatik vakolatxonalar vakillari ham ana shunday ishga qo’l urdi. Asosan, musulmon o’lkalardan bo’lgan ayollar yaqinda shu maqsadda to’planib, bir aksiya o’tkazdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Vashingtonda xayriya tadbiri, Behzod Muhammadiy


Indoneziyaning Vashingtondagi elchisi uyida milliy raqs va antiqa taomlarga boy mehmondorchilik o’tmoqda. Bu shunchaki oddiy ziyofat emas. AQShning shimoli-sharqiy hududlari, ayniqsa, Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida “Sendi” to’foni vayron qilgan hududlar aholisi uchun yordam puli yig’ilmoqda.

Dahshatli ofat Indoneziya elchisining rafiqasi Roza Ray Jalolni xayrli tadbir boshlashga undadi.

“To’fonni televizorda kuzatib turdim. Juda ham qayg’uli. Bilasiz, Indoneziya ham 2004-yilda dahshatli zilzilani boshdan kechirgan. O’shanda xalqaro hamjamiyat bizga yordam qo’lini cho’zgan edi. Men ham darhol do’stlarimga qo’ng’iroq qilib, kelinglar, biz ham yordam beraylik, dedim”, - deydi elchining rafiqasi.

Jalol xonim - Vashingtondagi Musulmon ayollar uyushmasi prezidenti. Tadbirga tanish elchilarning oilalarini da’vat etdi.

Xayriya to’plashda ular rang-barang madaniyatlaridan foydalanishga qaror qilishdi.

Ziyofatda qatnashish uchun har bir mehmon 50 dollardan pul to’ladi. Yig’ilgan mablag’ Amerika Qizil Xoch jamiyatiga o’tkazildi.

Tashkilot vakili Rakel Mataning aytishicha, ofat odam tanlamaydi. Hammamiz bir jonmiz. Har bir odamga ta’sir qilayotgan xayrli ish atrofida birlashganmiz”, - deydi u.

Ayni shu birdamlik ruhi Liviya elchisining qizi Fotima Aujalini ham tadbirga jalb etdi.

“Musulmonlar do’stlarini, amerikalik birodarlarini yoddan chiqarmaydi. Ularga yordam berish uchun nimadir qilishga urinyapmiz”, - deydi Fotima.

Mehmonlar yordam berish asnosida, Afg’oniston, Ozarbayjon, Misr, Iroq, Indoneziya, Liviya, Tunis, Turkiya, Iordaniya hamda Falastin madaniyatlari bilan tanishdi.

“Musulmon davlatlarni buncha yaqindan hech ko’magan edim. Ular bilan tanishish, suhbatlashish uchun yaxshi imkoniyat bu”, - deydi tadbir mehmoni Se Yon Tomas.

Mehmonlar rang-barang Osiyo va Yaqin Sharq taomlaridan tatib ko’rishdi.

AQShning Diplomatik xizmatlar idorasi direktori o’rinbosari Natali Jons ham kechada ishtirok etdi.

“Ko’plab mamlakatlardan ko’plab ayollar oz fursat ichida “Sendi” to’foni qurbonlariga yordam berish uchun yig’ildi. Buni milliy taomlari va madaniyatlarini ko’rsatish orqali amalga oshirishdi”, - deydi AQSh rasmiysi.

Jons xayriya tadbirini “pazandalik diplomatiyasi” deya olqishladi.