Pensilvaniya shtatidan sobiq senator Rik Santorum Respublikachilar partiyasidan prezident poygasiga qo'shildi.
Respublikachi da'vogarlar umumiy saylovlarga yagona nomzod sifatida saylanish uchun ichki partiyaviy poygada bellashadi.
G'olib 2012-yil noyabrida demokratlardan yagona nomzod amaldagi prezident Barak Obama bilan kurashadi.
Shu kungacha respublikachilardan to'rt da'vogar maydonga chiqqan. Massachusetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni, Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich, Minnesota shtati sobiq gubernatori Tim Polenti va Texasdan kongressmen Ron Pol.
53 yoshli Rik Santorum Senatda ikki muddat xizmat qilgan va 2006-yilda qayta saylana olmagan. Uning aytishicha, prezident Obama iqtisodiyot va tashqi siyosatni eplay olmayapti.