Shahzoda Salmon islohotchimi yoki navbatdagi avtoritar hukmdor?

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni qirolining valiahdi, shahzoda Muhammad bin Salmon

Saudiya Arabistoni qirolining valiahdi, shahzoda Muhammad bin Salmon islohotchi siyosatchi sifatida tarixda qolmoqchi. U mamlakat iqtisodiyotini neftga tobelikdan chiqarib, xilma-xillashtirmoqchi, ba’zi jabhalarni liberallashtirmoqchi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot: shahzoda Salmon islohotchimi?

Bo’lajak qirol AQSh va Yevropadagi siyosatchilar bilan aloqalarini kuchaytirmoqda. Yaqinda u Fransiya va Ispaniyada bo’ldi. 32 yashar valiahd Ispaniya qiroli bilan uchrashib, ispan kemalarini sotib olishga kelishdi. Undan oldin esa Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ko’rishib, 18 milliard dollarlik shartnomalar imzoladi.

Shahzoda Salmon mamlakatining Yaqin Sharqdagi rolini oshirmoqchi, neftga asoslangan iqtisodiyotning boshqa jabhalarini ham rivojlantirib, aholining 30 yoshgacha bo’lgan 70 foizini ish bilan ta’minlamoqchi.

AQShda esa shahzoda Salmon uch haftaga qolib ketdi. U Prezident Donald Tramp, Gollivud yulduzlari, media sohasidagi milliarder Rupert Merdok bilan uchrashdi, Silikon vodiysida “Gugl” kompaniyasi qarorgohiga, Sietlda esa “Boing” bosh idorasiga bordi.

Yamandagi urush byudjetni quritishda davom etarkan, qirollik korrupsiyada ayblanib hibsga olingan shahzodalar va tadbirkorlarni katta pul evaziga ozod etib, kamomadni yopishga harakat qildi. Salmonning bunday harakatidan uning asl maqsadi korrupsiyaga qarshi kurash emasligini ko’rsa bo’ladi, deydi ba’zi kuzatuvchilar.

“Valiahdning o’zi yaqinda 300 million dollarlik uy sotib oldi. Leonardo da Vinchining bitta kartinasi uchun 450 million dollar sarfladi. Yana shuncha pulga yaxta sotib oldi”, - deydi Kaliforniya universiteti olimi Jeyms Gelvin.

Shahzoda Salmon ayollarga avtomobil haydash, kinoteatr va stadionlarga borishga ruxsat berib, o’zini islohotchi qilib ko’rsatmoqchi, biroq siyosiy liberallashtirishga qarshi, deydi AQShning Yamandagi sobiq elchisi.

“Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda yirik tashabbuslarni ko’ryapmiz, ammo valiahdning o’zi siyosiy islohotchi emasligini aytib keladi”, - deydi hozirda Yaqin Sharq institutida ishlayotgan Jerald Fayerstayn.

Inson huquqlari guruhlari Salmonni tanqid qilmoqda.

“Saudiya Arabistoni qamoqxonalarida 20 tacha inson huquqlari faollari bor, ular tinch yo’l bilan namoyish qilgan faollar, ko’p yilga qamalishgan. Shulardan hech bo’lmaganda bittasini ozod etsa, dunyoda uni islohotchi deb tan olishlari mumkin, ammo bunday bo’lgani yo’q”, - deydi professor Gelvin.

Valiahd qirollik mudofaa vaziri sifatida qo’shni Yamandagi isyonchilar bilan uch yildan beri olishmoqda. Saudiya bombardimonlari natijasida minglab yamanliklar halok bo’ldi, mamlakatda gumanitar ofat yuzaga keldi.

Sobiq elchi Fayerstaynning aytishicha, shahzoda Muhammad rahbarlikni o’rganmoqda.

“Salmon valiahd bo’lganiga hali bir yil bo’lgani yo’q. Haqiqiy rahbarga aylanadimi, yo’qmi, endi ko’ramiz”, - deydi u.

Tarixchi Jeyms Gelvinning aytishicha, islohotchi deb ko’ksiga urgan Yaqin Sharq rahbarlarining birortasi bu nomni oqlamadi. Hatto Muhammad bin Salmon tarafdorlarining fikricha, valiahd shahzoda avtokratik boshqaruv tarixiga ega o’ta konservativ mamlakatda jiddiy to’siqlarga uchraydi.