Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limiga doir yangi ma’lumotlar paydo bo’lishda davom etarkan, Turkiya Saudiya Arabistoniga bu masalada bosimni oshirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tahlilchilarga ko’ra, ma’lumotlarni maydalab tarqatish Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning Saudiya Arabistoni qirolining valiahdi, shazoda Muhammad bin Salmon hokimiyatini zaiflashtirishga qaratilgan strategiyadir.
Saudiya Arabistonining qotillik sodir etilgan Istanbuldagi konsullik xizmati binosi oldida Jamol Qoshiqchining do’stlari va tarafdorlari norozilik namoyishlarini to’xtatgani yo’q.
“Uning o’ldirilgani oydin, ammo jasadi qayerda? Jasadini ko’rsatinglar”, - dedi Erdog’an.
Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Kayl Ortonning aytishicha, Erdog’an shahzoda Muhammadning dunyodagi obro’sini tushirmoqchi.
“Agar G’arb va, xususan, Qo’shma Shtatlarning Saudiya Arabistoni bilan muloqoti qiyinlashsa, Anqara bo’shliqni to’ldirishi mumkin”, - deydi u.
Turkiya musulmon dunyosida siyosiy yetakchilikni qo’lga olmoqchi, deydi siyosatshunos Kamol Kirishchi.
“Oldingi qirolning o’limidan so’ng Turkiya Qatar bilan ittifoqqa kirgan, Saudiya Arabistoni esa Birlashgan Arab Amirliklari va Misr bilan. Mintaqa siyosatini hozirda mana shu ikki qutb belgilamoqda”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil instituti eksperti.
Hozirda bu ikki qutb Suriyada raqobat qilmoqda. Saudiya Arabistoni AQSh kabi bu mamlakatda Suriya sharqining katta qismini nazorat qilayotgan Suriya demokratik kuchlari va kurd harbiy qismlarini qo’llab-quvvatlamoqda. Kurdlarni terrorchi deb biluvchi Turkiya ushbu ittifoqni bo’lib tashlamoqchi.
“Qo’shma Shtatlar suriyalik kurdlar va Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqani butunlay uzmasa-da, hech bo’lmaganda Turkiya va ular bilan aloqani muvozanatda ushlab turishiga Anqara umid qilmoqda”, - deydi tahlilchi Kayl Orton.
Unga ko’ra, Erdog’an strategiyasi teskari natija berishi ham mumkin.
“Erdog’an bir odamning o’limidan o’z tashqi siyosatini olg’a surishda foydalanayotgani kun-sayin oydinlashmoqda va bu ma’naviyatsizlikdan boshqa narsa emas”, - deydi Orton.
Saudiya Arabistonining 2017-yilda Turkiyaga qilgan bir milliard dollarlik sarmoyasiga nima bo’ladi endi?
“Agar Muhammad bin Salmon mavqeini saqlab qolsa, Turkiya-Saudiya Arabistoni aloqalari keskinlashsa, Riyod sarmoyalarini bekor qilishi mumkin”, - deydi Oltinbosh universitetidan Ahmat Qosim Xon.
Istanbuldagi voqea ikki mamlakat aloqalariga qanday ta’sir qilishi mumkin degan savolga shahzoda Muhammad Riyodda o’tgan anjumanda shunday javob berdi:
“Mazkur fojiali voqeadan Saudiya Arabistoni qirolligi va Turkiya o’rtasidagi munosabatlarga darz solishda foydalanmoqchi bo’lgan ko’p odamlar bor. Toki Salmon bin Abdulaziz qirol ekan, ular murodiga yeta olmasligini bilib qo’yishsin”, - dedi shahzoda.
82 yashar qirol vafotidan so’ng Turkiya-Saudiya Arabistoni aloqalarini nima kutmoqda? Hozircha bu savol javobsiz qolmoqda.