Saudiyalik siyosatchi ayollar oldidagi katta to'siqlar

  • Amerika Ovozi

Riyod, Saudiya Arabistoni

Saudiya Arabistonidagi ayol huquqlari faollari yangi yilni katta umidlar bilan kutib olgan edi, axir 2015-yilda 1000 mahalliy kengashdan 20 tasiga ayollar saylandi – tarixda ilk bor bunday g’alabaga erishildi. Biroq umidlar puchga chiqdi: yil boshida kengashning ayol a’zolari erkaklar bilan birga majlislarda qatnashishga uringanida, erkaklar buni shariatga zid deb, majlisni to’xtatdi. Mavzu jamiyatda qizg’in muhokama qilina boshladi.

Lama al-Sulaymon kengashga yangi saylangan, bundan oldin esa Jiddaning Tijorat palatasida rais muovini bo’lib ishlagan.

“Konservativ qarashlarga ega odamlar kam emas, ular ayol va erkaklar bir-biridan alohida o’tirishi kerak, deb hisoblaydi. Mo’tadil qarashdagi odamlar ham bor. Ular fikricha, erkak va ayollar birgalikda qaror qabul qilish kerak bo’lganida masalani birgalikda muhokama qilishi lozim,” – deya tushuntiradi u.

Faollar esa qat’iyroq fikr bildirmoqda.

“Saudi Gazette” gazetasi sharhlovchisi Samar Fatoniy “ayollar bunday ekstremistik qarashlardan to’ygan”, deydi.

Ayni vaqtda “Twitter” tarmog’i foydalanuvchilari jamiyatda axloqsizlik kuchaygan, qabilida fikr bildirmoqda.

Cheklovlar

Kengashdagi o’rinlar va majlislardagi ishtirok atrofidagi bahs, al-Sulaymon fikricha, ayollar huquqlari uchun kurashning bir qismi.

Saudiyalik xotin-qizlar kundalik hayotda jiddiy cheklovlarga yuz tutadi. Masalan, avtomashina haydolmaydi, safar qilmoqchi, o’qishga kirmoqchi yoki muayyan kasbni egallamoqchi va bu sohada ishlamoqchi bo’lsa, erkak qarindoshi roziligini olishi shart. Begona erkak va ayollar bir-biri bilan ko’rishib, gaplasholmaydi.

Shu hafta boshida Jiddada 11 erkak va ayol plyajda spirtli ichimliklar ichib, mehmondorchilik qilayotganda hibsga olingan.

Lama al-Sulaymon, mahalliy kengashning yangi a'zosi

Ammo al-Sulaymon bu masalalar kattaroq muammolarning bir ko’rinishi, deydi. Ishlaydigan ayollar juda kam, erkaklar ayollar moliyasini to’la nazorat qiladi. Mana shular, suhbatdosh fikricha, jiddiyroq muammolar.

“Bunday vaziyatni o’zgartirish istagi kuchli. Ba’zida biz yutamiz, ba’zida esa mag’lubiyatga uchraymiz. Pirovardida olg’a ketmoqdamiz”, - deydi u.

Erkak va ayollar bir-biridan doim alohida

Riyoddagi katta savdo markazida 17 yashar Selma ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishi haqida gapirar ekan, “Facebook” tarmog’ini qoloq, deydi. Qiz va o’g’il bolalarni maktabda bir-biridan ajratib o’qitish esa, Selma fikricha, qoloq amaliyot emas.

“Eshitishimcha, G’arbda ham ikki jins vakillarini alohida-alohida qilib qo’yisharmish. Chunki bu ko’plab muammolarga olib kelyapti”, - deydi qiz.

Saudiya Arabistonida ayol va erkaklar uchun alohida restoran va do’konlar mavjud. Maktabga ham alohida eshiklardan kiriladi, alohida sinflar…

Shu yil boshida Jiddada mahalliy kengash ochilganida ayol va erkaklarning birga o’tirishi muammoga olib keldi. Ayrim joylarda majlislar o’tkazilgan bo’lsa, boshqa joylarda ayollar muhokamada kompyuter orqali qatnashish istagini bildirdi.

Ko’rfaz tadqiqotlari markazi raisi Abdulaziz Sagerning aytishciha, bunday vaziyat ko’plarni hayron qo’ldirdi, chunki 30 ayol a’zo milliy Shura Kengashi yig’inlarida ham ayol, ham erkaklar ishtirok etadi.

“Shura a’zolari orasida ayollar ko’p. Ular erkaklar bilan bir zalda o’tiradi”, - tushuntiradi u.

Ishlaydigan ayollar

Ma’lumotlarga ko’ra, Saudiyada ish kuchining 16 foizi – ayollar. So’rovlarga ko’ra, saudiyaliklarning 50 foizi, shu jumladan ayollar, erkaklar bilan birga ishlashni xohlamaydi. Agar ko’proq ayollar ishlasin, deyilsa ular uchun qulay va erkaklardan alohida ish joylari yaratish lozim.

“Men ayolni ishga qabul qilib, erkaklar bilan birga ishlaysan, deyolmayman. U umrida begona erkaklarni ko’rmagan bo’lishi mumkin. Bu ayol uchun ruhiy jarohat degani”, - deydi al-Sulaymon.

2003-yilda ish kuchining to'qqiz foizini ayollar tashkil etardi, hozir esa - 16 foiz. Bu katta ijobiy o’zgarish, deydi faollar.