Rossiya sudi ukrainalik uchuvchi ayolni 2014-yilda rossiyalik ikki jurnalistning o’limiga aloqadorlikda aybdor deb topdi. Nadejda Savchenkoga 22 yil qamoq jazosi berildi.
AQSh, Ukraina va Yevropa Ittifoqi sud jarayonini siyosiy tomosha deb, Savchenkoni ozod etishga chaqirmoqda. Ayblovga ko’ra, u jurnalistlar turgan joy koordinatlarini artilleriyachilarga uzatgan. Natijada Rossiya televideniyesining ikki xodimi va yana bir necha odam halok bo’lgan.
Hibsxonada bir necha bor ochlik e’lon qilgan Savchenko aybiga iqror bo’lishdan bosh tortmoqda.
Harbiy ayol Ukrainada milliy qahramonga aylangan, uni sirtdan parlamentga saylashdi, biroq Rossiya sudi uning deputatlik daxlsizligini tan olmadi. Sudga ko’ra, Savchenkoni jinoyat sodir etganidan so’ng parlamentga saylashgan.
Ukrainalik uchuvchi, shuningdek, Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o’tganlikda ham aybdor topildi, biroq advokatiga ko’ra, u Rossiyaga majburlab olib chiqilgan.
Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko sud hukmini tanqid qilib, Savchenko ozod etilsa, Ukraina hibsxonasidan rossiyalik ikki ofitserni qo'yib yuborishlarini aytdi.
"Ular Ukrainaga qarshi agressiyada ayblanmoqda, sud jarayonining yakuniy bosqichi ketmoqda", - dedi Poroshenko.
Ukraina rahbari ularning ismlarini oshkor etmadi, ammo Rossiya matbuotiga ko'ra gap Aleksandr Aleksandrov va Yevgeniy Yerofeev ismli odamlar haqida ketayotgan bo'lishi mumkin.
Ukraina nazarida ular Rossiya razvedkasining agentlari, Rossiya esa bu harbiylarning iste'foda ekanini ta'kidlamoqda.