AQSh oliy sudyasi Entonin Skaliyaning vafotidan so'ng Oliy Sudda to'rt konservativ va to'rt nafar liberal sudya qoldi. Prezident Barak Obama liberal huquqshunosni oliy sudyalikka tayinlashidan xavotirga tushgan konservatorlar Obamadan bu ishni keyingi prezidentga qoldirishni so'ramoqda. Ammo bu Skaliyaning o'rni salkam bir yil bo'sh turadi degani.
Respublikachilar noyabrdagi prezident saylovlarida ularning safdoshi g'alaba qozonishiga, konservativ qarashlari bilan ajralib turgan Skaliyaning o'rniga unga o'xshash sudyaning tayinlanishiga umid qilmoqda. Shunda Oliy sudda konservatorlar yana ustunlikka erishadi. Biroq hozirgi vaziyatda ba'zi masalalar bo'yicha sudyalar kelisholmasa, Oliy sudning ishi turib qolishi mumkin.
AQShda oliy sudyalar bir umrga tayinlanadi, biroq o'z xohishi bilan iste'foga chiqishi mumkin.
79 yoshda vafot etgan Entonin Skaliya Oliy sudga 1986-yilda Prezident Ronald Reygan tomonidan tayinlangan edi.