Xitoy va Rossiya yetakchiligidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Pekinda yillik anjumanini yakunladi. Ikki kunlik sammitda “Yaqin Sharq o’z muammolarini o’zi hal etadi, tashqaridan aralashuvga hojat yo’q”, degan bayonotlar yangradi.
Suriya va Eronga ishora qilgan holda, “hukumatlarni ag’darish va bir tomonlama sanksiyalar qo’yishga qarshimiz”, deyiladi Shanxay bayonotida. Tashkilotga Xitoy va Rossiyadan tashqari Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston a’zo. Afg’onistonga esa kuzatuvchi maqomi berildi.
Moskva va Pekin bir yildan beri qonli isyonni boshdan kechirayotgan Suriyaning eng yaqin hamkorlari va homiylari deb ko’riladi. BMT Xavfsizlik Kengashida prezident Bashar al-Assadni qoralovchi rezolyutsiyalar ovozdan o’tmay keladi.
Pekin sammitida Shanxay bloki davlatlari orasida xavfsizlik va iqtisodiy rishtalarni yanada mustahkamlash hamda narkotraffik, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olingan.
Xitoy shu maqsadda 10 milliard dollar ajratishini e’lon qildi. Bu Markaziy Osiyoda Xitoy nufuzi oshib borayotganidan yana bir nishona, deydi tahlilchilar.