Din

AQSh vaziri: Musulmonlarni kuzatish taklifi bema'nilik

  • Amerika Ovozi

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonson musulmon jamoalarni ekstremizmga qarshi kurashda faolroq bo'lishga undayapti.

O'tgan oy Bryusselda ro'y bergan teraktlar ketidan AQShda qonli ekstremizmni bartaraf etish yuzasidan bahslar kuchaygan. Prezidentlikka respublikachi nomzodlar hatto musulmon mahallarni kuzatishni taklif qilmoqda.

Vazir Jey Jonson deydiki, bunday takliflar haqiqatdan yiroq.

"Mahalla va qishloqlarni o'rab olib, nazorat qilish, Amerika musulmonlarini kuzatish bema'ni gap. Siyosatchilarimiz notiqlikda bir-biridan o'zishga harakat qilayapti", - deydi Jonson.

O'tgan yili Kaliforniya shtatidagi otishma shuni ko'rsatdiki, Amerikada ham jihodchilar da'vatini qabul qilayotganlar bor. Bunday qotilliklarning oldini olishda musulmon jamoalari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yganmiz, deydi Ichki xavfsizlik vaziri.

"Amerika musulmonlarining aksariyati shu jamiyatning to'laqonli a'zolari. Ular armiyaning ham faol vakillari. Sidqidilgan vatanga xizmat qilayotgan, uning xavfsizligini ta'minlashga hissa qo'shayotgan fuqarolar", - dedi Jonson.

Unga ko'ra, mamlakatda olib borilayotgan aksil-terror amaliyotlari musulmonlarga qaratilgani haqidagi da'volar asossiz. Dushman - terrorizm va uning dinga aloqasi yo'q, deydi vazir.