Serbiyada poraxo'rlik gumoni bilan 79 kishi hibsda

  • Amerika Ovozi

Serbiyada poraxo'rlikka qarshi kurash doirasida 79 kishi hibsga olingan. Ushlanganlar orasida sobiq vazir, hukumatda yuqori lavozimlarda ishlagan shaxslar, shahar hokimlari va davlat korxonalari rahbarlari bor.

Bolqon davlati Ichki ishlar vaziri Neboysha Stefanovich bu haqda e'lon qilar ekan, hibsdagi sobiq vazir kim ekanini aytmadi. Mahalliy matbuotga ko'ra, sobiq Tijorat vaziri Slobodan Miloshavlevich haqida gap ketmoqda.

Rasmiy so'zlariga ko'ra, korrupsiya va moliyaviy jinoyatlarda ayblanayotgan yana besh kishi qidiruvda. Hibsdagilar jami 70 million dollarga teng mablag'ni o'zlashtirganlikda ayblanmoqda.

Yaqinda Serbiya Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish uchun muzokaralar boshladi. Korrupsiyaga qarshi kurash va hukumat shaffofligi a'zolik shartlaridan hisoblanadi.