AQSh adliya vaziri Rossiya bilan til biriktirganini inkor etdi

  • Amerika Ovozi

Senatdagi tinglov paytida

Seshanba kuni Senat Razvedka qo’mitasida o’tgan tinglovda qonunchilar tomonidan so’rovga tutilgan AQSh Adliya vaziri va Bosh prokurori Jeff Seshns Rossiya bilan til biriktirib, o’tgan yilgi prezident saylovlari natijalariga ta’sir qilish harakatlarini inkor etdi.

Saylov paytida Tramp shtabiga ko’maklashgan Seshns Rossiya elchisi bilan bir necha bor uchrashganini tan oldi, biroq saylov masalasida Rossiya xizmatidan foydalanganini yolg’on va tuhmat deb atadi.

Sobiq senatorni savolga tutgan qonunchilar Seshnsdan Prezident Donald Trampning Federal qidiruv byurosi sobiq direktori Jeyms Komi bilan munosabatlari haqida ham qiziqdi.

O'tgan hafta Komi Senat tinglovida qatnashganida adliya vazirining Rossiya rasmiylariga aloqadorligiga sha'ma qilgan edi. Biroq seshanba kungi tinglovda Seshns bunday aloqa yo’qligini aytib, Trampning Komini ishdan olish qarorini qo’llab-quvvatlashini, Federal qidiruv byurosiga yangi rahbar zarur bo’lganini ta’kidladi.

Senator Dayen Faynstayn Seshnsdan Tramp bilan Komining ishdan olingani haqida suhbat xususida so’radi. Biroq adliya vaziri prezident bilan xususiy muloqoti mazmunini muhokama eta olmasligini aytdi.

Demokrat Martin Genrixni bunday javob qoniqtirmadi.

“Tergovning beliga tepyapsiz”, - dedi u.

Biroq Seshnsga ko’ra, prezident o’z suhbatlarini oshkor etmaslik huquqiga ega. Respublikachi qonunchilar vazirni himoya qilishga kirishdi.

“Nahotki AQSh senatori xorijiy davlat elchisi bilan yuzlab odam guvohligida til biriktirib, josuslik tarixida eng katta ishga qo’l urgan deb o’ylayotgan bo’lsangiz”, - dedi arizonalik senator Tom Kotton.