Amerikada og’riqni qoldiruvchi dorilar keng qo’llanadi. Ularni shifokordan yozdirib olish ham oson. Opioidlarni suiiste’mol qilish natijasida har yili minglab odam vafot etadi. Tramp ma’muriyati vaziyatni inqiroz deya ta’riflab, chora ko’rishga kirishmoqda.
2016-yilda AQShda dori suiiste’moli oqibatida taxminan 64 ming kishi hayotdan ko’z yumgan. Adliya vaziri Jeff Seshns raqamlarni keltirib, dori ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchi kompaniyalar ham nishonga olinishini aytmoqda.
“Jinoiy jazo, ma’muriy choralar, hammasini qo’llaymiz. Qonunlarni buzayotganlar javob beradi”, - deydi vazir.
Gubernatorlar ham muammoni hal qilishga urinmoqda.
“Mahalliy rasmiylar bilan har ikki haftada uchrashib, qarorlar qanday natija berayotganini muhokama qilamiz”, - deydi Alyaska gubernatori Bill Voker.
Reseptli dorilarni faqat yetti kunga berish belgilandi. Tibbiy muassasalar kimga qancha dori yozilayotgani haqida hisobot berib turibdi, deydi u.
“O’tmishda stomatolog sizga 40 dona oksikontin dorisini yozib berardi. Hozir unday emas. Asossiz dori bergan shifokor lisenziyasidan ayriladi”, - deydi Ogayo gubernatori Jon Keysik.
Adliya vazirligiga ko’ra, opioidlarni ishlab chiqarish va tarqatish bilan shug’ullanuvchi 120 dan ortiq kompaniya va shaxslarga qarshi ish ochilgan. Internetdagi eng katta qora bozor - AlfaBey yopilgan.