Amerikada bir oydan beri qisman yopiq turgan hukumat faoliyatini tiklash maqsadida Prezident Donald Tramp muxolifatga, demokratlarga immigratsiya masalasida taklif bilan chiqdi, ammo taklifi qabul qilinmadi. Tomonlar murosadan yiroq. Oq uy va qonunchilar kelisha olmayapti.
Tramp demokratlar bilan kelishuvga tayyor ekanini aytadi. U Meksika bilan chegarada 370 kilometrlik temir to’siq barpo etish uchun qariyb 6 milliard dollar so’ramoqda. Evaziga ayrim immigrantlar, jumladan Amerikaga bolaligida olib kelingan hujjatsiz muhojirlar, uch yilgacha deportatsiyadan himoya qilinadi.
“Har ikki partiya qabul qila oladigan taklif bu. Radikal so’lchilar chegarani nazorat qilolmaydi, bunga yo’l qo’ymayman. Devor qurish axloqsizlik emas. Aksincha, odamlar hayotini saqlab qoladi, mamlakatga narkotiklar oqimini to’xtatadi”, - dedi Tramp Oq uydan xalqqa murojaatida.
Demokratlar esa prezidentdan avvalo hukumatni qayta ochishni, ana undan so’ng chegara xavfsizligi haqida muzokara qilishni talab qilmoqda. Devor uchun pul berilmaydi, deydi ular. Chegara xavfsizligi uchun muxolifat 1,3 milliard dollar ajratishga tayyor. Trampning talabi - 5,7 milliard.
Prezident taklifi ayrim konservativ sharhlovchilarga ham ma’qul emas. Ularning aytishicha, Tramp immigratsiya masalasida bo’sh kelsa, ikkinchi muddatga saylana olmaydi chunki ashaddiy tarafdorlari undan yuz o’giradi.
AQSh tarixida hukumat yopilishi bunchalik uzoq davom etmagan. 800 ming federal xizmatchi maoshsiz, byudjet tasdiqlanmagani sababli ko'plab idoralar yopiq.