Amerikaliklar prezident va Kongressdan norozi

Amerikada federal hukumatning qisman yopilganiga qarshi norozilik namoyishlari kuzatilmoqda. Prezident va Kongress byudjet bo’yicha haligacha kelisholmas ekan, ko’plab davlat dasturlari faoliyati to’xtagan, yuz minglab davlat xizmatchilari maoshsiz uyda o’tiribdi, milliy bog’lar sayyohlar uchun yopiq, oziq-ovqatdan kelib chiquvchi kasalliklarni taftish qiluvchi mutaxassislar ishga chiqmagan, hukumat iqtisodiy ahvol haqidagi hisobotlarni chop etmay qo’ygan, soliq idoralari ishlamayapti, odamlar ipoteka uchun kredit ololmayapti.

Katta va kichik shaharlarda odamlar namoyish uyushtirib, qonunchilarni ayblamoqda. Kecha poytaxt Vashingtonda bir guruh urush faxriylari Ikkinchi jahon urushi yodgorligi atrofidagi to’siqlarni olib tashlashga muvaffaq bo’ldi. G’azablangan faxriylar yodgorlikning yopilganini o’zlariga nisbatan hurmatsizlik sifatida ko’rgan. So’ng Oq uy yoniga borib, prezident Barak Obamani tanqid qiluvchi shiorlar aytgan.
Kapitoliy qarshisida ham chiqishlar kuzatilgan. Chikago, Boston, Atlanta kabi shaharlar, Texas, Nyu-Jersi, Pensilvaniya kabi shtatlarda ham shunday vaziyat.

Joriy haftada ham qator namoyishlar rejalangan. Ertaga diniy yetakchilar va federal xizmatchilar bir necha qonunchining idorasiga bormoqchi.

Bugun Amerikada Kolumb kuni munosabati bilan federal bayram bo’lishiga qaramay qonunchilar uchrashib, vaziyatdan chiqish yo’llari xususida fikr almashmoqchi.

Kun tartibida mamlakatning qarz olish chegarasini kengaytirish masalasi ham o’rin olgan. Agar Kongress bu ishni 17-oktabrgacha hal etmasa, Qo’shma Shtatlar qarzini to’lashga puli bo’lmay, defoltga uchraydi.

Demokratlar qarz shiftini ko’tarishga harakat qilmoqda, respublikachilar esa Oq uydan sarfiyatlarni kamaytirishni talab etyapti.

Xalqaro valyuta jamg’armasi rahbari Kristin Lagardning aytishicha, agar AQSh defoltga uchrasa, global iqtisodiyot zarar ko’radi, dunyo yangi inqirozga yuz tutadi.