Silikon Vodiysi H1B viza taqdiridan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Amerikada ishlash huquqini beruvchi “H1B” vizalari yuqori malakali mutaxassislarni xorijdan jalb qilish uchun yaratilgan edi, ayniqsa yuqori texnologiyalar sohasida.

Kaliforniya shtatidagi Silikon Vodiysi ana shu soha markazi bo’lib, “H1B” dasturidan katta foyda ko’rgan. Biroq Tramp ma’muriyati dastur qayta ko’rib chiqilishini bildirmoqda. O’zgarishlar Silikon Vodiysiga qanday ta’sir qilishi mumkin? “Amerika Ovozi” yaqinda u yerda muxbirlik punktini ochdi.

Google va Facebook kabi yirik internet kompaniyalari hamda ko’plab startaplar Kaliforniyada joylashgan. U yerda ishlovchi informatsion texnologiya mutaxassislarining bir qismi xorijdan kelgan. “H1B” vizasi yordamida Xitoy, Hindiston, Eron va boshqa mamlakatlar fuqarolari Amerikada ishlash va yashash huquqiga ega.

Biroq yil boshida Prezident Donald Tramp imzolagan farmonga muvofiq xorijliklarni ishga yollashga imkon beruvchi bu dastur qayta ko’rib chiqiladi.

Silikon Vodiysi manfaatlarini Kongressda himoya qiluvchi demokrat qonunchi Ro Hannaning aytishicha, muhojir jamoalarning soha taraqqiyotiga hissasi ulkan.

“Bizga o’zgarishlar kerak. Turli madaniyat vakillari bu yerga kelib, o’zi bilan yangicha g’oyalar olib keladi, ishga yangicha, ijodiy yondashadi, bu esa novatorlikka yetaklaydi. Tadbirkor insonlarning bu yerda qolishini, kompaniyalarini Hindiston, Braziliya va Xitoyda emas, bizda yaratishini xohlaymiz. Turli sohalardagi iste’dodlarning Amerikada ishlashini istaymiz”, - deydi Hanna.

Ma’lumotlarga qaraganda, ayni damda Amerikada 650 ming xorijlikda ishchi vizasi bor. Bunday vizalarning aksariyatini yuqori texnologiyali kompaniyalarga berishadi. Norman Matloff dasturni 25 yildan beri kuzatib boradi.

“H1B” dasturidan maqsad arzon ishchi kuchini yollash. U orqali kelgan mutaxassis uni yollagan kompaniyadan keta olmaydi va ish beruvchi bu holatdan o’z foydasiga foydalanishi mumkin. Shu tomondan dasturni adolatli deb bo’lmaydi”, - deydi u.

Bundan tashqari, deydi Matloff, dastur o’xshash malakaga ega amerikaliklarni ishsiz qoldiradi.

Tadbirkor Kamron Ilohiyon AQShga 18 yoshida Erondan ko’chib kelgan. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar boshqa davlatlardan iste’dodli kadrlarni taklif qilishda davom etishi, ularning Amerikada qolishiga imkoniyat yaratishi kerak.

“Turli mamlakatlardan turli din, turli elat vakillari kelib, Silikon Vodiysida birgalikda ishlashadi. Bu kelajakda insoniyat taraqqiyoti uchun ajoyib andazadir”, - deydi u.

Tramp ma’muriyati rejalayotgan o’zgarishlarga ko’ra, “H1B” vizalariga faqat yuqori malakali kadrlar da’vo qilishi mumkin bo’ladi, amerikalik mutaxassislar bundan zarar ko’rmasligi kerak.