Tahlilchilar: O'zbekistonga Rossiyaning ta'siri hamon kuchli

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Sochi, 11-oktabr, 2017

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sochida Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) sammiti doirasida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazdi. Prezident navbatdagi xorij safariga ham rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli samolyotda borgani haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar bor.

Moskva O‘zbekistonning MDH doirasidagi jarayonlarda faollashayotganidan mamnunligini izhor qilmoqda. Sharhlovchilarga ko‘ra, rasmiy Toshkentning siyosiy faolligi mamlakatdagi ijtimoiy hayotga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani seziladi. Jamiyatda yana “ruslashtirish” jarayoni boshlangan.

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi anjumanlari

Mirziyoyev Putin bilan o'tkazgan uchrashuvida ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanayotganini, iqtisodiy hamkorlik hajmi o‘sganini ta’kidlangan.

Sammit MDH doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqda. "Sputnik" nashrining yozishicha, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamkasblari O‘zbekiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlarining MDH jarayonlariga faol ishtirok etishga hozirlik bildirishganini olqishlagan.

MDH Rossiya yetakchiligidagi hamkorlik tashkilotlarida O‘zbekiston a’zoligi saqlanib qolayotgan yagona tashkilot. Mamlakatda hokimiyat o‘zgarishi ortidan O‘zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga qaytishi mumkinligi haqidagi fikrlar hozircha taxminligicha qolmoqda.

MDHga Rossiya va O'zbekistondan tashqari Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Moldova va Tojikiston a'zo.

Litva, Latviya va Estoniya bu organga hech qachon kirmagan.

Gruziya 2008-yilda chiqqan. Ukraina va Turkmaniston hamkor davlatlar degan maqomga ega.

Sochida MDH sammiti bilan yonma-yon Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi anjumani ham o'tmoqda. Bu blokka Armaniston, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston va Rossiya kiradi.

O'zbekiston-Rossiya munosabatlari shiddat bilan rivojlanmoqda. MDH sammitidan sal oldin Jizzaxda so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan voqea - Rossiya va O‘zbekiston harbiylarining qo‘shma mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Ikki o’rtada turli darajadagi rasmiy tashriflar muntazam kuzatiladi. Bundan tashqari prezident darajasidagi xavfsizlik masalalarida ham tomonlar o’rtasida yaqin hamkorlik qayd etilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Mobil-salom: MDH, Markaziy Osiyo

Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati Shavkat Mirziyoyevning Sochiga tashrifi ham xavfsizlik nuqtai nazaridan Alisher Usnomovga tegisihli shaxsiy samolyotda amalga oshganini ehtimol qilmoqda. Mirziyoyevning AQShga safari ham aynan shu uchoqda amalga oshgan edi. Rasmiy Toshkent keskin munozaralarga sabab bo‘lgan bu hodisa yuzasidan hozirgacha jamoatchilikka biror izoh berishni lozim topmadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, mamlakatning birinchi shaxsi Prezident Putinning yaqin odamlaridan biri sifatida tanilgan rossiyalik o‘zbek milliarderi uchog‘ida rasmiy safarlarni amalga oshirayotgani Karimov davrida ancha sovuq yondashilgan Moskvaga nisbatan ishonch o‘ta kuchayganidan dalolat beradi.

Prezidentlarning Sochidagi uchrashuvida ham hamkorlik keng miqyosda rivojlanib borayotgani alohida tilga olingan.

Sharhlovchilar Rossiya bilan iliqlashib borayotgan aloqalar mamlakat ijtimoiy siyosatida ham aks etayotganiga diqqat qaratishmoqda.

Ijtimoiy hayotda rus tilining mavqeyi yana tiklana boshlagani, bir muncha avval jamoatchilikda keskin munozaralar qo‘zg‘agan kirill alifbosiga rasman qaytish tashabbusi ham aynan shu sabablar bois muhokamaga chiqqani aytilmoqda.

Toshkentdan olim Baxtiyor Isabekning aytishicha, mamlakatdagi siyosiy jarayonlar, so‘nggi islohotlar ham bevosita Moskva tasiri ostida amalga oshayotgani haqida ehtimol mavjud. Haqiqatda prezidentning qanchalik bu ta'sirga moyilligi haqida gapirish qiyin, ammo jamiyatda ruslashish jarayoni kuchaygani seziladi.

“Men mamlakatdagi so‘nggi jarayonlarda, islohotlarda ham Moskva ko‘rsatmasi bor, deb bilaman. Ammo bu ko‘rsatma qachongacha davom etadi, prezident bundan qutiladimi, yo‘qmi, buni bilmayman. Islohotlar natijasi yuzasidan gapirishga hali vaqt kerak deb o’ylardim, ammo jarayon juda murakkab. Murakkabligi shundaki, jamiyatda ruslashtirish siyosati juda kuchli ketyapti, bu men o‘zim sezgan narsalar va juda o‘ylantirib qo‘yadi. Hammasi yana qaytadan boshlangandek, bu jarayonni aholi ham sezib turibdi. O‘z-o‘zidan yana o‘zbek tili mavqeyi pasayib ketadi. Umuman, ko‘plar buni Karimov siyosatiga teskari deyishyapti, ammo bunday emas. Karimov buni zimdan qilardi, bu esa ancha oshkora qilmoqda”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazir ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozishicha, so‘nggi paytlarda sovet davridagi qatag‘on qurbonlari haqida gapirish, bu masalani matbuotda ko‘tarib chiqishga taqiq qo‘yilgan.