O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 22-oktabrda – prezident saylovidan ikki kun oldin O’zbekiston va Rossiya jurnalistlariga bergan matbuot anjumanida xorijdagi muxolifatni tilga oldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Unga ko’ra, vatanga qaytish qarorida bo’lgan muxolifatchilar uchun mamlakatda hech qanday tahdid yo’q. Komilov, xususan, prezident Mirziyoyevning O’zbekistonga qaytib, vataniga xizmat qilishni istagan odamlarning fikrlariga quloq solishga tayyor ekani haqidagi gaplarini ham esga oldi.
Vazir muxolifatning tarqoqligini, ayrimlari shaxsiy, ayrimlari siyosiy sabablar bois xorijda yurganini, hukumatga aniq takliflar bilan chiqish bilan birga asossiz tanqidlar bo’layotganini ham ta’kidladi.
Prezident saylovlari arafasida berilgan bu matbuot anjumanida asosiy ishora shuki, hukumat muxolifatga qarshi emas, muxolif shaxslarning O’zbekistonga kelishi uchun to’siq yo’q.
So’nggi paytda xorijdagi muxoliflatchilarning ayrimlari O’zbekistonga borib kelmoqda, ammo safarlari siyosiy faoliyat bilan bog’liq deyish qiyin. Mamlakatga qaytib, siyosiy faoliyatni tiklash qaroridagi muxolifatchilar esa hukumat marhamatidan bebahra qolgan.
“Erk” partiyasining rahbari Muhammad Solih Mirziyoyev hokimiyati davrida ham keskin tanqid ostida qolayotgan muxolifatchilardan. Nafaqat uning o’zi, partiyaning mamlakatdagi faollari ham tazyiqlarga uchrab turibdi.
Muhammad Solih prezident Mirziyoyevning muloqot haqidagi bayonotlari ortidan bir necha bor vatanga qaytishga urindi, ammo imkon berilmadi.
Siyosiy arbobning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Komilovning bayonoti siyosiy faoliyatni tiklash qaroridagi o’zbek muxolifatiga emas, O’zbekistonda raqobatsiz saylovdan xafsalasi pir bo’lgan xalqaro jamoatchilikka mo’ljallangan, xorijdagi o’zbek muxolifati, “Erk” partiyasi takliflarga ochiq.