Somali Prezidenti Muhammad Abdullahi Muhammad fevral oyida vakolati tugaganiga qaramay, hokimiyatda yana ikki yilga qolish harakati ketidan mamlakat siyosiy tanazzulga yuz tutdi. Biroq xavfsizlik kuchlari o’z klanlariga ko’ra ajrala boshlashi hamda odamlar ko’chaga chiqib, norozilik bildirishi natijasida bu fikridan qaytishga majbur bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tanazzul sharoitida siyosiy bo’shliq hosil bo’lib, undan al-Qoidaga aloqador al-Shabab guruhi jangarilari unumli foydalandi va bir shaharni qo’lga oldi.
Davlat rahbari erta tongda televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, muddatini uzaytirmasligi haqida ma’lum qildi.
Bungacha Bosh vazir Muhammad Husayn Robl prezidentning muddatini uzaytirish taklifini qoralab, yangi saylov o’tkazishga chaqirgan edi.
"Barcha xavfsizlik idoralarini poytaxt va aholi xavfsizligini ta’minlashga, beqarorlikka yetaklovchi har qanday harakatlardan o’zini tiyishga chaqiraman”, - dedi prezident.
Oy boshida Somali parlamentining quyi palatasi prezident vakolatini ikki yilga uzaytirishga ovoz berdi, biroq qaror Senatdan o’tmadi.
O’tgan hafta oxirida politsiya va harbiylar qo’mondonlari muxolifat va raqib kuchlar tomoniga o’tib ketdi. Muxolifatga sodiq kuchlar poytaxt Mogadishoning bir qismini egallab oldi.
Bugun shahar tevaragida suiqasd xuruji sodir etilib, kamida uch odam o’lgan, yaralanganlar yettita, jumladan bir chaqaloq. Bomba joylangan mashina qamoqxona tashqarisida portlagan. Binoga zarar yetgan, yaqin atrofdagi avtomobillar vayron bo’lgan.
Xuruj ortida kim turgani hozircha ma’lum emas.