AQSh Mudofaa vazirligi shu hafta Somalida al-Shabab jangari guruhi yetakchisini nishonga olganini tasdiqlamoqda. Hujum paytida al-Shabab joylashgan lager va bir harbiy transport yo’q qilingan.
Pentagon matbuot kotibi, kontr-admiral Jon Kirbining aytishicha, amaliyot al-Shababga qarshi qaratilgan bo’lib, uning rahbari Ahmad G’odan nishonga olingan.
Ahmad G’odan al-Qoidaga aloqador bu guruhni 2007-yil dekabridan beri boshqaradi.
Al-Shabab bir necha terror xurujlari ortida turibdi. Masalan, 2010-yilda Uganda poytaxtida 70 dan ziyod, 2013-yilda esa Nayrobida savdo markaziga hujum paytida 60 dan ortiq odam nobud bo’lgan edi.
Pentagon amaliyot paytida G’odanning halok bo’lganini tasdiqlay olmadi, biroq u ketayotgan mashina va lagerga raketa tekkaniga ishonchi komilligini aytdi.
"Nishonni aniq urganimizga shubha yo’q", - dedi Kirbi.
Kontr-admiralning aytishicha, harbiy mutaxassislar amaliyot natijasini hali ham o’rganmoqda va shu sabab talofatlar haqida ma’lumot bera olmaydi.
Al-Shabab so’nggi to’rt yilda Afrika Ittifoqi va Somali armiyasi bilan janglarda ayrim hududlardan chekingan, biroq hali ham mamlakatga jiddiy xavf solmoqda.
Somali hukumati AQSh havo hujumini olqishlamoqda. Amaliyotdan so’ng Vazirlar mahkamasi favqulodda majlis o’tkazib, vaziyatni muhokama qilgan.
Hukumat vakili Rizvon Hoji Abduvalining aytishicha, rasmiy Mogadishu jangari guruhga qarshi qaratilgan har qanday hujumni qo’llab-quvvatlaydi.
"Bunday hujumlar davom ettiriladi, chunki bu davlatni boshqarish vakolati al-Shabab kabi terror guruhlari emas, balki faqat Somali hukumatining qo’lida", - deydi rasmiy.
Al-Shabab ham amaliyot xususida ma’lumot tarqatmagan. Ahmad G’odanning na o’lgani, na omon qolgani ma’lum. Agar u nobud bo’lgan bo’lsa, bu guruh uchun jiddiy zarba bo’ladi.
Voqea Sablale shahrida ro’y bergan. U jangarilar qo’lida qolayotgan yagona shahar Baravedan 60 kilometr narida joylashgan. Ayrim xabarlarga ko’ra, hujumda kamida olti odam o’lgan.
Afrika Ittifoqi al-Shababga qarshi kurashar ekan, uni bandargohlardan haydab chiqarishga va shu bilan daromad manbaidan ayirishga harakat qilmoqda.
Somali mudofaa kuchlari qo’mondoni o’rinbosari, general Abdurazzoq Halif Elmiy al-Shabab ko’p hududlardan haydalib, aholi normal hayotga qaytishiga umid qilmoqda.
"Dunyodagi barcha insonlar kabi yashashga haqlimiz. Farzandlarimiz tinch va erkin yashashlarini istaymiz. Shu sabab Somali ahli qo’liga qurol olib, al-Shababga qarshi kurashmoqda", - deydi general.
Qo’shma Shtatlar G’odanni terrorchi deb e’lon qilib, ikki yil oldin uning boshi uchun yetti million dollar mukofot puli va’da qilgan.