"Islomiy davlat" va al-Qoida singari terror tizimlari AQShning yangi rahbari bergan buyruqlarni islom va musulmonlarga qarshi asos deb qo'llab, o'z safini kengaytiradi, deydi bu masalalarni yaqindan o'rganib, tahlil qilib kelayotgan ekspertlar.
Prezident Donald Tramp ayrim federal sudyalar uning farmonini qonunga zid eb topganidan norozi. U bu hukmlarni yo'qqa chiqarmoqchi. Yetti musulmon davlatidan Amerikaga kelasi 90 kun ichida hech kimni kiritmaslik, shuningdek, qochqinlarga 120 kun mobaynida eshik ochmaslik, Oq uyga ko'ra, terrorizmga qarshi kurashning bir qismi, xavfsizlik uchun zarur chora.
Lekin, deya bildiradi SITE Razvedka guruhi, terrorizmni kuzatuvchi tashkilot, jihodchilar nazarida bu farmon "Amerika musulmonlardan qanchalik nafratlanishini aks ettirmoqda".
Iroq, Eron, Liviya, Yaman, Suriya Somali va Sudan fuqarolari man etilgani terrorchilarga propagandani kuchaytirishda yordam beradi, deydi tahlilchilar.
Ommaviy so'rovlarga ko'ra, amerikaliklarning yarmi bu cheklovlarni quvvatlaydi.
Ichki xavfsizlik vaziri Jon Kelli deydiki, yangi tartib musulmonlarga emas, terror xavfi manbalariga qaratilgan. Bu esa ko'plab tomonlar nazarida musulmon jamiyatlariga tahdid deb qarashdir.
AQSh poytaxtidagi Rand tahlil markazidan Jona Blank:
“Islomiy davlat" allaqachon bu farmonni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyib, islom dushmanlariga qarshi urushni kengaytirishga chorlamoqda".
Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Entoni Kordesmen:
“Bu cheklov bilan musulmonlar va musulmon bo'lmaganlarni bir-biriga qarshi qo'yib, "Islomiy davlat" va al-Qoida shu paytgacha bong urib kelgan gaplarni asoslab berayotgandeksiz, ya'ni dunyo hozir islom bilan urushda".
Tramp ma'muriyati esa cheklovlar kengayishi mumkin deya ogohlantirmoqda.
Ekspert Deyvid Stermen nazarida esa Amerika terrorizm mahalliy muammo ekanini unutmasligi kerak.
“2001-yilning 11-sentabridagi qonli hujumlardan beri bu zaminda amalga oshirilgan har bir xuruj shu jamiyatda yashagan yoki tug'ilgan insonlarning ishi bo'lgan",- deydi Stermen.
“Trampning cheklovlari bu faktni hisobga olmaydi. Bizning tinchligimizni buzayotgan odamlar shu yerlik, mahalliy".
Respublikachilar siyosatini quvvatlovchi olim Piter Bruks:
"Taqiq vaqtincha va o'rinli. Davlat o'z qolidagi ma'lumotlarga, tahdid ehtimoliga qarab shunday qarorga kelgan. Uni qoralashga shoshmaslik kerak".