Janubiy Koreyada yangi saylangan Prezident Mun Je Inning qo'shni Shimoliy Koreyaga nisbatan mo'tadil qarashlari Pxenyanga bosimni oshirayotgan va bu borada Seul bilan hamkorlikka umid qilayotgan AQSh ma'muriyatini o'ylantirib qo'ydi.
Vashingtondagi tahlil markazi bo'lmish Mansfild jamg'armasi prezidenti Frenk Jannuzining aytishicha, agar AQSh va Janubiy Koreya kelishib ishlamasa, hamkorlikka putur yetishi mumkin.
Saylov kampaniyasi paytida Mun Pxenyan bilan muloqot zarurati haqida ko'p gapirgan edi. Korrupsiyada ayblanib, hokimiyatdan olingan sobiq Prezident Pak Gven Xe Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiq siyosati bilan tanilgan edi.
Kuzatuvchilarga ko'ra, Mun 1998-yilda qabul qilingan "Shimoliy Koreya bilan keng qamrovli muloqot siyosati"ga qaytmoqda. Mun o'sha siyosatni olg'a surgan marhum Prezident No Mu Xen ma'muriyatiga 2003-2008-yillarda rahbarlik qilgan.
Ajralib qolgan oilalarni qovushtirish o'shanda boshlangan edi, ammo 2008-yilda hokimiyatga konservativ tadbirkor Li Myon Bak kelishi bilan Pxenyanga nisbatan mo'tadil siyosatga chek qo'yildi.
Yangi rahbarning mo'tadil siyosati Tramp ma'muriyati qarshiligiga uchrashi mumkin, deydi ayrim tahlilchilar. Tramp prezidentlikka kelganidan beri AQShning Shimoliy Koreyaga nisbatan yangi strategiyasi tafsilotlari haligacha ma'lum bo'lmasa-da, Pxenyan raketa va yadro dasturini Amerika uchun tahdid deb ko'rayotgan Oq uy Xitoy yordamida sanksiyalarni kuchaytirib, bosimni oshirmoqchi.
“Mun ma'muriyati Shimoliy Koreya bilan iqtisodiy aloqalar siyosatiga qaytmoqchi. Bu esa AQShning Pxenyanga nisbatan bosimini oshirishni qiyinlashtiradi, chunki sanksiyalar sarmoya va savdoni kamaytirishni ko'zda tutadi", - deydi Stenford universitetidan Deyvid Snayder.
Shu sababdan, deydi AQSh Markaziy razvedkasi boshqarmasida tahlilchi bo'lib ishlagan Syu Mi Terri, Tramp va Mun Pxenyan masalasida to'qnashishi ehtimoldan xoli emas.
Masalan, Mun Keyson sanoat kompleksini qayta ochmoqchi ekanini bildirgan, Tramp esa Seuldan bunday qilmaslikni so'rashi mumkin.
Shimoliy Koreya chegarasida joylashgan kompleks qo'shma iqtisodiy korxona bo'lib, Pxenyanning to'rtinchi yadroviy sinovidan so'ng Seul tashabbusi bilan 2016-yil boshida yopilgan edi.
Xavfsizlikni ta'minlash yo'lida Janubiy Koreya yangi Prezidenti Mun Je In, zarur bo'lsa, Pxenyanga ham borishini aytib o'tgan.