AQSh Prezidenti Donald Tramp kelasi oy Singapurda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan bo’ladigan uchrashuvga hozirlanar ekan, ertaga Tramp Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In bilan ko’rishadi. Biroq Pxenyan Janubiy Koreya va AQShning qo’shma harbiy mashg’ulotlariga e’tiroz bildirib, Singapurdagi uchrashuv bekor qilinishi mumkinligiga ishora qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Juma kuni Seuldagi AQSh elchixonasi qarshisida bo’lib o’tgan norozilik namoyishida qatnashgan janubiy koreyaliklar Shimoliy Koreya hukumatiga ishonish mumkin emas deya, Prezident Mun Jey Inning qo’shni davlat bilan aloqalarni yaxshilash siyosatini tanqid qildi.
“Koreya yarimorolini yadrodan xoli qilish haqida konkret gaplarni eshitmadik. Kim Chen Un va Prezident Mun o’rtasida ochiqlikni ko’rmayapmiz”, - deydi namoyishchilardan biri.
Biroq janubiy koreyaliklarning aksariyati davlat rahbarining Kim Chen Un va Prezident Tramp bilan olib borayotgan muzokaralarini olqishlamoqda.
Ikki Koreya rahbarlari o’rtasida yaqinda bo’lib o’tgan muloqot chog’ida Kim Chen Un yadro qurollari dasturini yopishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shimoliy Koreya rahbari iyun oyida Singapurda Donald Tramp bilan uchrashib, shu mavzuda atroflicha gaplashishi kutilayotgan edi. Biroq Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Bolton Shimoliy Koreyadan atom dasturidan bir tomonlama voz kechishni talab qilishi ketidan Pxenyan AQSh bilan oliy darajadagi uchrashuvda qatnashmasligini aytdi – shu kungacha erishilgan diplomatik yutuqlar chipakka chiqay deb turibdi.
Prezident Trampning aytishicha, yadroviy qurolsizlanishga qaratilgan bitim Kim hukumatini zaiflashtirmaydi, aksincha uni kuchaytiradi.
“Shimoliy Koreya bundan katta foyda ko’radi”, - dedi Tramp.
Tahlilchilar nazarida, Tramp va Kim bitimni pishirmay turib uchrashishga oshiqmoqda, ammo har ikki mamlakat hukumatlaridagi ayrim konservativ kuchlar bunga to’siq qo’yishga harakat qilmoqda.
“Tramp va Kim o’z hukumatlaridagi bunday kuchlarga qanchalik bog’liq ekani haligacha mavhum”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashida AQSh-Koreya munosabatlari bo’yicha mutaxassis Skot Snayder.
Janubiy Koreya rahbari ertaga Vashingtonda Tramp bilan uchrashib, AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasida vujudga kelgan tushunmovchiliklarga barham berishga harakat qilishini bildirdi. Pxenyan yadro dasturidan voz kechishdan oldin xavfsizlik kafolatlari va unga qo’yilgan sanksiyalarning bekor qilinishini talab qilmoqda. Prezident Mun shu haqda Tramp bilan gaplashmoqchi.
Aytish joiz, so’nggi kunlarda Shimoliy Koreyada qo’shnisiga nisbatan sovuqlik paydo bo’ldi. Pxenyan Seulni johillik va layoqatsizlikda ayblab, AQSh bilan o’tkazilayotgan qo’shma harbiy mashqlarini qoraladi, Koreya muloqotidan chiqishi mumkinligini bildirdi.
Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Shimoliy Koreyaning so’nggi harakatlari ortida Xitoy turgan bo’lishi mumkin. Pekin sanksiyalarni yumshatishga va’da berib, yadroviy qurolsizlanish masalasida Pxenyanni shoshilmaslikka undayotgani taxmin qilinmoqda.